Ziyoratdan ufurgan ma’rifat
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining 50 nafar professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlar va ularning farzandlaridan iborat jamoasi “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo‘ldi.
Sayohat davomida Islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning bebaho ilmiy-ma’naviy merosi, majmuaning bunyodkorlik ishlari hamda ziyorat maskanida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

– “Ziyoratdan ma’rifat ufuradi”, deya bejizga aytishmaydi, – deydi Urganch davlat universiteti huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Yashin Karimov. – Jamoamiz a’zolarida bu so‘lim va farog‘atli maskanda buyuk mutafakkirning bebaho ma’naviy merosi, majmuada bo‘y cho‘zayotgan muhtasham bunyodkorlik ishlari hamda ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar katta taassurot qoldirdi. Mazkur sayohat jamoa a’zolarining mazmunli hordiq chiqarishi bilan birga, yurtimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini yanada chuqurroq anglashga xizmat qilmoqda. Ma’rifiy safar jamoa uchun ham mazmunli hordiq, ham yurtimizning boy tarixini ruhan anglash imkonini berdi.


Mazmunli sayohat nafaqat jamoaning ruhiy hordiq chiqarishiga, balki qalblarida ajdodlar merosiga bo‘lgan cheksiz iftixor va ehtirom tuyg‘ularining yanada gullab-yashnashiga xizmat qilgan bo‘lsa, ajab emas.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri