Ziyorat turizmi: O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikni kengaytirmoqda
Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tojiyev Turkiyaning “HUITM (Umrah Plus Uluslararası Turizm Marketi)” kompaniyasi ijrochi direktori Hakan Shahin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ziyorat turizmini kengaytirish hamda O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida xalqaro turizm bozorida hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, "Umra" ziyoratini tashkil etishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim tranzit xab sifatida rivojlantirish, xorijiy ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish, jumladan Jakarta, Toshkent, Istanbul, Kuala-Lumpur va Marokash shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etish, B2B uchrashuvlar tashkil etish va targ‘ibot materiallarini tayyorlash, MDH davlatlaridan kelayotgan ziyoratchilar uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, xususan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari uchun O‘zbekiston orqali sayohatlarni tashkil etish, ularni kamida bir kunlik madaniy-turistik dasturlar bilan qamrab olish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab oldi hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA