“Ziyoli kelajak”: xayrli loyiha
Bugungi kunda yoshlarning bilim va tafakkurini rivojlantirish, ularni ilm-fan va ma’rifatga yo‘naltirish muhim vazifalardan biridir. Shu maqsadda “Yuksalish” harakati tomonidan “Ziyoli kelajak” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Tashabbusning maqsadi maktablardagi mavjud muammolarni hal etishga ko‘maklashish hamda har bir o‘quvchining o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara oladigan sharoitni yaratib, ta’lim tizimini yanada qulay va sifatli qilishdan iboratdir. Shuningdek, loyiha yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Ziyoli kelajak” loyihasi doirasida Nukus shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabi kutubxonasiga 100 donadan ko‘proq badiiy va ma’rifiy kitob taqdim etildi. Ushbu tashabbus “Jayhun turon super servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.
“Ziyoli kelajak” loyihasi orqali yoshlar o‘z bilim va iqtidorini namoyon etish, yangi imkoniyatlarga ega bo‘lish va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbir davomida maktab jamoasi va o‘quvchilar kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, bilim va tajriba manbai ekanligini alohida ta’kidlab, mazkur xayrli tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qildilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA