Zilzilaning oldini olish mumkinmi?
Zilzila eng xavfli tabiiy ofat. Uning kelib chiqish sabablari bilan odamlar juda qadim zamonlardan buyon qiziqib kelgan.
– Grek olimi Demokritning (miloddan avvalgi 460 – 370 yillar) fikricha, zilzilalarning kelib chiqishiga suvlarning ta’siri sabab bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Seymologiya institutining laboratoriya mudiri, akademik Qahhorboy Abdullabekov. – Ya’ni, zilzila qor, yomg‘ir, dengiz va ko‘llardagi suvlarning yer ostiga shimilishi oыibatida ro‘y beradi, deb hisoblagan.
Grek olimi Aristotel (miloddan avvalgi 384 – 322 yillar) ma’lumotlarida g‘or va boshqa bo‘shliqlarda yig‘ilib qolgan havoning katta bosim ta’sirida yer ostiga kirishi, oy tutilishi va dovullar zilzila sababchisi, deb ko‘rsatilgan.
O‘rta asrning mashhur qomusiy bilim sohiblari – Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va keyinroq Zahiriddin Muhammad Boburlar o‘z asarlarida zilzilaning sabab va oqibatlari haqida qimmatli fikrlar bildirgan. Ular zilzila hamma joyda emas, ayrim joylarda namoyon bo‘lishi hamda vaqti yil fasllariga – Quyosh va Oy fazalariga bog‘liqligi haqida yozishgan.Ayniqsa, "Boburnoma"da zilzila kuchi yer ustida qanday tarqalishi haqida qimmatli fikrlar keltirilgan. Bu asarlar zilzila tabiati haqidagi birinchi va to‘g‘ri qadamlar edi. So‘nggi o‘n yilliklarda Yerning koinotda va Quyosh tizimida tutgan o‘rni, uning o‘lchamlari, fizik va kimyoviy xossalari, tuzilishi, undagi turli jarayonlar to‘g‘risida geologiya, geofizika, geokimyo, astronomiya va yana bir nechta fanlar yordamida aniq ma’lumotlar olishga muvaffaq bo‘lindi.
Endi zilzila sabablariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, hozirgi kunda asosan ikki xil fikr bor. Birinchisi – yerning chuqur qatlamlarida doimo murakkab kimyoviy, fizik jarayonlar to‘xtovsiz davom etadi. Bulardan birinchisi – solishtirma og‘irliklari og‘ir jinslarning doimo pastga, yengil jinslarning yuqoriga bo‘lgan harakati.
Ikkinchisi – radioaktivlik xossasi hamda yuqori bosim va harorat asosida bir jinsdan ikkinchisining hosil bo‘lishi yoki jinslarning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi natijasida energiya ajraladi. Bunday reaksiyalar sodir bo‘lishiga sabab, yerning chuqur qatlamlarida juda katta bosim va issiqlik mavjudligidir. Energiyaning saqlanish qonuniga ko‘ra, u yo‘qolib ketmaydi. Demak, hosil bo‘lgan energiya sarf bo‘lishi kerak. Ushbu energiya yerning ostida juda katta hajmdagi jinslarni harakatga keltiradi.
Energiyaning qanchalik kattaligini ko‘z oldimizga keltirish uchun Tyan-Shan, Pomir, Kavkaz yoki Himolay tog‘larini tasavvur qilib ko‘raylik. Masalan, birgina Tyan-Shanning o‘zi bo‘yi va eni ming kilometr bo‘lgan maydonni egallagan ulkan "tog‘ mamlakati"ni tashkil qiladi. Balandligi esa ayrim joylarda 4–5 kilometrdan ortadi. Ana shu ulkan tog‘larni hosil qiluvchi kuchlar zilzilaga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Markaziy Osiyo hududida hozir tog‘ hosil bo‘lish jarayoni davom etmoqda. Ana shu tog‘ hosil qiluvchi tektonik jarayonlar zilzila sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Eng asosiy sabab, tog‘ hosil qiluvchi yer osti kuchlarining maydon bo‘ylab bir tekisda tarqalmasligidadir. Tyan-Shan o‘z navbatida Farg‘ona, Chotqol, Turkiston, Oloy, Zarafshon, Hisor kabi o‘nga yaqin tog‘ tizmalaridan tashkil topgan.
Tog‘ tizmalari silsilasida Chuy vodiysi, Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi va boshqalar joylashgan. Odatda tog‘ tizmalari kattaroq tezlik bilan, ular o‘rtasidagi vohalar esa kamroq tezlikda harakat qiladi. Tezligi har xil bo‘lgan qatlamlarda asta-sekin burilishlar, egilishlar paydo bo‘la boshlaydi va oxir-oqibat ularning sinishi – parchalanishiga olib keladi. Ana shu jarayon zilzila oqibatlarini keltirib chiqaradi, desa ham bo‘ladi. Yig‘ilgan mexanik energiya elastik seysmik to‘lqinlar energiyasiga aylanadi va yer silkinishiga olib keladi.
Uchinchisi – yer shari o‘ndan ortiq yirik plitalarga bo‘lingan. Ular turli yo‘nalishda gorizontal harakatga ega. Plitalarning o‘zaro to‘qnashuvi ulkan tog‘lar hosil bo‘lishiga, jumladan zilzilalar ro‘y berishiga olib keladi. Masalan, Markaziy Osiyodagi Tyan-Shan, Pomir, Hindikush tog‘larining paydo bo‘lishi va zilzilaning kelib chiqishiga sabab Hind va Yevroosiyo plitalarining "to‘qnashuvi"dir.
Xulosalarga tayanadigan bo‘lsak, tog‘ hosil qiluvchi zilzilalarga olib keluvchi jarayonlar vertikal va gorizontal yo‘nalgan qo‘shimcha kuchlar ta’sirida ro‘y berar ekan. Geologiyada birinchi tarafdorlar – "fiksistlar", ikkinchisi – «mobilistlar», deyiladi.
Xo‘sh zilzilaning oldini olish mumkinmi. O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan har bir kishi yurtimizda tez-tez zilzilalar ro‘y berib turishini, ba’zan ular nihoyatda dahshatli ekanini yaxshi biladi va uni tasavvur qila oladi. Biroq, inson tabiatida unutuvchanlik xususiyati mavjud. Masalan, yillar o‘tgan sari yuz bergan tabiiy ofatlar kulfatini unutamiz, kasallikni yengmasdan turib, parhezni esdan chiqarganimiz kabi suv toshishi yoki ko‘chki ehtimoli bo‘lgan yerlarga imoratlar quramiz va hokazo. Jumladan, zilzila haqida ham shunday deyish mumkin.
Ko‘pgina davlatlarda ming yil, hatto undan oldingi zilzilalarning tarixiy jadvallari tuzilgan. Ming afsuski, bizda bu ma’lumotlar to‘liq emas. Keyingi 100 – 200 yillik ma’lumotlar bor, xolos. Undan ilgarigilari to‘g‘risida ayrim taxminiy ma’lumotlar saqlangan. Balki eski qo‘lyozmalarda, kitoblarda bizga nihoyatda zarur bo‘lgan ma’lumotlar saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Bu sohada tarixchilarimiz, tilshunoslar va adabiyotshunoslar yordam qo‘lini cho‘zsalar chakki bo‘lmasdi.
Shunday bo‘lsa-da, ba’zi taxminiy ma’lumotlarga qaraganda, tarixda ayrim shaharlarimizda kuchli zilzilalar bo‘lib o‘tganini o‘qiganmiz. Masalan, 838 – 839 yillari Farg‘onada, 942 yili– Buxoroda, 1208 – 1209 yillarda Urganchda, 1490 yili Samarqandda, 1494 hamda 1927 yillarda Namanganda, 1620 yili Axsikentda, 1821 – 1822 yillarda Buxoro va Samarqand yaqinida, 1902 yili Andijonda, 1868, 1924, 1938, 1966 va 2008 yillari Toshkentda, 1976, 1984 yillarda Gazlida va boshqa. Shularning ichida eng esda qoladigani 1902 yili Andijonda ro‘y bergan 9 – 10 balli yer silkinishi va 1966 yili Toshkentda bo‘lgan 8 balli zilzila hisoblanadi.
Bundan ko‘rinadiki, mamlakatimiz tabiiy ofatlardan xoli hududlardan emas. Shunday ekan, biz – olimlar zilziladan xalos bo‘lish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz, iloji boricha uning zararli oqibatlarini bartaraf etish uchun qanday muammolar mavjudligini xalqimizga tushuntirib borishimiz lozim. Chunki Yer sharida yiliga o‘rta hisobda o‘n mingga yaqin kuchli va sezilarli zilzilalar ro‘y beradi. Ulardan 15 – 20 tasi fojiali hisoblanadi.
Zilzilaning ro‘y berish vaqtini oldindan aniq aytish mushkul. Seysmik kuchlanishning ham o‘ziga xos yillari mavjud. Masalan, o‘tgan asrimizda seysmik jarayonlar 1905 – 1910, 1930 – 1950, 1955 – 1960 yillarda ko‘proq kuzatilgan. Mutaxassislarning fikricha, 1998 – 1999 yillar ham ana shu jarayonga kiradi va hali davom etishi ehtimoldan xoli emas.
Azamat Suyunov yozib oldi.
O‘zA