Zelenskiy Oliy Radani tarqatadi (mi?)
Ukrainaning yangi Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radani tarqatish taklifini ilgari surmoqda.
Ukrainaning yangi Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radani tarqatish taklifini ilgari surmoqda. Bu haqda uning maslahatchisi Dmitriy Razumkov “1+1“ telekanali namoyish etgan “Pravo na vlast“ dasturida ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda TASS.
“Zelenskiy, tabiiyki, Radani tarqatishni taklif etadi. Buning uchun yetarli asoslar bor, xususan, parlamentda koalitsiyaning yo‘qligi. Bu asoslar qonunchilikda aniq ko‘rsatilgan. Ba’zan batamom aniq bo‘lmasa-da, har holda tushunarli aks ettirilgan“, - degan maslahatchi.
Ilgari yangi saylangan Prezident shtabi Radani tarqatib yuborish haqida videopetitsiya e’lon qilgan edi. Zelenskiyning o‘zi ham saylov kampaniyasi davomida Radaga muddatidan ilgari saylov bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan. Ukraina parlamentiga navbatdagi saylovlar oktabr oyining oxirida bo‘lib o‘tadi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Prezident parlament vakolatlari tugashiga kamida olti oy qolganida, ya’ni 27 mayga qadar Radani tarqatib yuborish va navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishni belgilash huquqiga ega.