Zavodda mahalliy mahsulot ishlatilmoqda
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “SHTURVAL” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan silikagel kimyoviy reagenti qo‘llanila boshlandi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida Buxoro NQIZ “SHTURVAL” MCHJ (Farg‘ona) bilan birgalikda O‘NA va A havosini quritishda qo‘llaniladigan silikagel kimyoviy reagenti importi o‘rnini bosish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdi.
2020 yil dekabr oyida sinov o‘tkazish uchun zavodga “SHTURVAL” MCHJ (Farg‘ona) tomonidan 50 kg miqdordagi silikagelning tajriba namunasi bepul taqdim etildi. Zavod Bug‘-havo-gaz ta’minoti sexining havo-kompressor stansiyasida oldindan tayyorlangan sinov adsorberiga yuklandi.

Sinovlarni o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq olti oy davomida (2020 yilning 20 dekabridan 2021 yilning iyuligacha) O‘NA va A qurilmalari havosini quritishning barqarorligi va samaradorligi tahlili bilan import markali «KSMG» silikageli va mahalliy ishlab chiqarilgan silikagelning solishtirma sinovlari o‘tkazildi.

Tahlillar natijalariga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarilgan silikagel sifati import «KSMG» silikageli fizik-kimyoviy va funksional xususiyatlaridan deyarli farq qilmasligi aniqlandi. Shunga asosan, “SHTURVAL” MCHJ(Farg‘ona) tomonidan ishlab chiqarilgan mahalliy silikagel Buxoro NQIZ kompressor stansiyasining havoni quritish qurilmasida import silikagel o‘rniga ishlatishga tavsiya etildi.
Joriy yilning 27-29 may kunlari Buxoro shahrida Kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha mintaqaviy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida «O‘zbekneftegaz» AJ Mahalliylashtirish va kooperativ aloqalarni kengaytirish departamenti ko‘magi bilan zavod va “SHTURVAL” MCHJ o‘rtasida mahalliy ishlab chiqarilgan silikagelning importi o‘rnini bosish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi va yo‘l xaritasi tuzildi. Zavodning ushbu reagentga bo‘lgan umumiy ehtiyoji 3,56m3 bo‘lib, almashtirish muddati har ikki yilni tashkil etadi.

Cooperation.uz platformasi elektron savdolari orqali Buxoro NQIZ va “SHTURVAL” MCHJ o‘rtasida shartnoma imzolandi. 3,56 m3 miqdorida silikagelning zavodga yetkazib berilishi ta’minlandi.
Mahalliy silikagel sanoat adsorberiga yuklandi va hozirgi kunda Buxoro NQIZ Bug‘-havo-gaz ta’minoti sexining havo-kompressor stansiyasi uchastkasida o‘lchov nazorat va avtomatika qurilmalari uchun zarur bo‘lgan havoni quritish jarayonida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA