Zavodda amaliyot o‘tash talabalarning bilimini mustahkamlaydi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari uchun "Korroziya va korroziyaga qarshi himoya" yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlar va o‘qituvchilari uchun malaka oshirish darslari o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun moddiy-texnik manbalar, AKT va aloqa, universitet o‘qituvchilarining onlayn ma’ruzalar o‘tishi uchun zarur bo‘lgan maxsus jihozlangan o‘quv xonasi tayyorlandi.

Zavodning Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘limi tomonidan talabalar va o‘qituvchilarning ishlab chiqarishda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun maxsus o‘quv dasturi tayyorlandi.
Zavoddagi ustozlar bo‘lajak mutaxassislarni neft, gaz, qayta ishlangan mahsulotlarni saqlash, transport ob’ektlaridan foydalanish va xizmat ko‘rsatish sharoitlari, shuningdek, qurilmalar va quvur o‘tkazgichlar tizimi ob’ektlarini ta’mirlash bilan tanishtirmoqda.
– Ushbu o‘qitish shakli talabalarga o‘quv mashg‘ulotlari jarayonida olingan kasbiy bilimlarini amaliyotga qo‘llashga imkon bermoqda, – deydi universitet 2-kurs mexanika yo‘nalishi talabasi Violetta Shafiyeva. – Asosiy maqsad, talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorlash, nazariy bilimlarni mustahkamlash va chuqurlashtirishdir. Bu amaliyot bizga ma’qul. Sababi, zavodda amaliyot o‘tash biz, talabalarning bilimini mustahkamlaydi.
Mazkur amaliyot "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvining qarori ijrosini ta’minlash, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash, o‘quv jarayoni sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu oliy o‘quv yurtlari talabalarining amaliy mashg‘ulot o‘tashi, o‘qituvchilarining esa malaka oshirishi uchun tajriba-sinov bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA