Zarar ko‘rgan fermerlar soliqdan ozod etiladimi?
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi joylarda o‘tkazayotgan doimiy uchrashuvlarda mulkdorlarning manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuvlarning biri Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi fermer xo‘jaliklari bilan bo‘lib, u yerda hozirga qadar ochiq qolgan va o‘z yechimini kutayotgan qator muammolarga guvoh bo‘ldik.
Shunday dolzarb muammolarning biri, bu bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari zarar to‘lab berilmaganligidan, tuman DSI idorasi esa soliq to‘lovlarini talab qilayotganidan norozi ekanliklaridir.
Qayd etish kerakki, Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen holat natijasida yetkazilgan zararlarni haqqoniyligini ta’minlash maqsadida dastlabki va birlamchi hujjatlar asosida barcha fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarida mavjud ekinlar, ko‘chatlar va bog‘lar oralig‘iga ekilgan oziq ovqat ekinlarining hajmlari va kutilayotgan hosilning miqdori tuman baholovchi tashkilotlar tomonidan baholangan.
Xususan, Sirdaryo viloyat hokimligi taqdim etgan dastlabki hisob -kitoblarga ko‘ra, Oqoltin, Sardoba, Mirzaobod tumanlarida 130 nafar fermer xo‘jaligi 51 milliard 427 million so‘m zarar ko‘rgan. Tahlillarga ko‘ra, Mirzaobod tumanidagi suv toshqinidan zarar ko‘rgan 75 nafar fermer xo‘jaliklarining byudjet bo‘yicha soliq qarzi 127 million so‘m, Oqoltin tumanidagi 68 nafar fermer xo‘jaliklarining soliq qarzi 1.722.810 so‘mni tashkil etgan. Shu tariqa ularning soliq qarzi 1 milliard 896 million so‘mni tashkil etgan.
Oliy Majlis Senatining 2021 yil 24 maydagi «Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarini zararlarini qoplab berish, soliqdan ozod etish, bank krediti asosiy qarz va hisoblangan foizlarni vaqtincha to‘xtatib turish belgilangan.
Biroq, zarar ko‘rgan bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari mas’ul idoralar va hokimliklar e’tibordan chetda qolgan.
Shu sababli Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi zarar ko‘rgan bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining zararlari shu kunga qadar to‘lab berilmagan va soliqdan ozod etish masalasi ko‘rilmaganligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mas’ul xodimlarini bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga yordam qo‘lini uzatish shaylandi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tegishli vazirlik va tashkilotlarga, hokimliklarga Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida suv toshishidan zarar ko‘rgan bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan zararlarni qoplab berish haqida hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga zarar ko‘rgan fermerlarni soliqdan ozod etish masalasida amaliy yordam berishni so‘rab xat kiritdi.
Natijada, mahalliy hokimliklar tomonidan zarar ko‘rgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarining zararlari qoplab berila boshlandi.
Moliya vazirligi tomonidan esa O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, “Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik hamda bog‘dorchilik xo‘jaliklari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabrga qadar ozod qilish belgilandi.
Bunda zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik va bog‘dorchilik xo‘jaliklarining ro‘yxati xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Hozirda Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Agrar sohadagi qonunchiligining takomillashtirilishi fermer va tomorqa yer egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
Jahongir Raxmanov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i