Zarafshonda “Olimpiya cho‘qqilari” markazi foydalanishga topshirildi
Zarafshon shahrida yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etib, ularni yuqori natijalarga tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Quruvchi mahallasida zamonaviy “Olimpiya cho‘qqilari” sport markazi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi sport inshootining ochilish marosimida shahar hokimi Nazirbek Rahmonov, mutasaddi tashkilotlar vakillari, nuroniylar, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida sport infratuzilmasini rivojlantirish, ommaviy sportni keng targ‘ib qilish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
24×44 metr o‘lchamdagi yangi sport inshootida sportchilar uchun qulay kiyinish xonalari va yordamchi xonalar tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarni zamonaviy talablar asosida o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

E’tiborlisi, mazkur loyiha fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida qurib bitkazildi. Markazni barpo etish uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yangi sport maskani Zarafshon shahrida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri