Zamonlar osha madaniyat: Oʻzbekiston
Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Zamonlar osha madaniyat: Oʻzbekiston” nomli koʻrgazma oʻz ishini boshladi.
Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Zamonlar osha madaniyat: Oʻzbekiston” nomli koʻrgazma oʻz ishini boshladi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, sanʼatshunos olimlar, talaba-yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va qardoshlik aloqalari xususida soʻz yuritilib, mazkur koʻrgazma ana shu hamkorlik samarasi ekani taʼkidlandi.
Turkiya va Oʻzbekistonning Madaniyat va Tashqi ishlar vazirliklari, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), “Turk havo yoʻllari” koʻmagida tashkil etilgan koʻrgazmadan oʻnlab oʻzbek va turk ijodkorlarining asarlari oʻrin olgan.
– Turkiyaning madaniyat va sanʼat sohasida muhim fuqarolik jamiyati hisoblangan “Inson va madaniyat harakati” tashabbusi bilan Buyuk ipak yoʻli oʻtgan mamlakatlarda asrlar mobaynida jamlangan boy tajribalar turk va oʻzbek usta sanʼatkorlari tomonidan qayta jonlantirildi. Bugun ular Toshkentda namoyish etilmoqda, – turkiyalik koʻrgazma tashkilotchisi Maryam Guney. – Mahoratli usta sanʼatkorlar tomonidan yaratilgan asarlar hamda olimlar tomonidan tayyorlangan keng qamrovli ilmiy anjuman kitobi Oʻzbekiston va oʻzbek xalqining tarixini, madaniyatini targʻib qilish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshadi.
Koʻrgazma doirasida “Oʻtmishdan hozirga qadar Oʻzbekiston – Turkiya munosabatlari” mavzuida konferensiya tashkil etildi. Unda Sakraya universiteti dotsenti Muhammad Bilol Chelikning “Oʻzbekiston va Onadoʻli hududlari oʻrtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar”, dotsent Sherzodxon Mahmudovning “Usmonli – Turkiston aloqalari”, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti professori Aʼzamjon Rahmonovning “Oʻzbekiston – Turkiya siyosiy va iqtisodiy munosabatlari” mavzuidagi maʼruzalari tinglandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston hamda Turkiya ijodkorlarining mahorat darslari ham oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Koʻrgazma 28-sentyabrgacha davom etadi.