“Zamonaviy trener dasturi” yakuniga yetdi
Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va maxsus umumta’lim muassasalari, shuningdek, Xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning 120 nafar pedagog kadrlari uchun tashkil etilgan ajoyib trening haftaligi o‘z nihoyasiga yetdi.
Mazkur haftalikda xorijlik va mahalliy mutaxassislar tomonidan ishtirokchilar uchun "Zamonaviy ta’lim nazariyasi: bixeviorizm, kognetivizm, ijtimoiy konstruktivizm", "Onlayn malaka oshirish kurslari o‘tkazish", "Pedagogika va androgika, o‘qituvchilik va trenerlik tamoyillari", "PICA talabining ta’lim dasturiga ta’siri", "Ishtirokchilar bilan pozitiv muhit yaratish va muammoli murabbiylar bilan ishlash", "Trening tajribasini tahlil qilish va “action plan” sertifikati berish" singari mavzularda dars o‘tildi.

Tadbir davomida har kuni Agentlik mutaxassislari tomonidan amaliy mashg‘ulot va turli interaktiv o‘yinlar tashkil etildi. Dars chog‘ida qatnashchilarga "MicroTeaching" sabog‘i ham berildi.
— O‘tgan yili yurtimizda tashkil etilgan xalqaro forumda qatnashgan xorijiy oliy ta’lim dargohlari, vazirlik, idoralar rahbarlari O‘zbekiston ta’lim tizimida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan hayratda qoldi, — dedi Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova.


— Ayniqsa, ular yurtimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlarni Prezidentning o‘zi nazorat qilib borayotganidan juda mamnun bo‘lishdi. Buni dunyo universitet va institutlari reytingini belgilovchi “TimeStatEducation” rahbari ham shaxsan e’tirof etdi. Kelgusida mazkur tuzilma professor-ustozlari mamlakatimizga mehmon bo‘lib emas, balki maxsus guruh tuzib, tajriba, mahorat almashgani kelish niyatini bildirdi.
Barcha ishtirokchilarga tegishli sertifikat topshirildi. Tadbirdan so‘ng o‘qituvchi-murabbiylar “Adiblar xiyoboni”ni tomosha qilishdi.

Ulug‘bek Mahmirzayev,
O‘zA