Zamonaviy texnologiyalar samarasi
Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga yaratilayotgan imkoniyatlar va qulay ishbilarmonlik muhiti chekka hududlardagi biznes vakillarining ham camarali faoliyat yuritishida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyatida ham ular tomonidan ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, turli yo‘nalishlarda rivojlanishga erishilayotir.
Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga yaratilayotgan imkoniyatlar va qulay ishbilarmonlik muhiti chekka hududlardagi biznes vakillarining ham camarali faoliyat yuritishida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyatida ham ular tomonidan ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, turli yo‘nalishlarda rivojlanishga erishilayotir.Prezidentimiz rahnamoligida iste’mol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, parrandachilik, chorvachilik va baliqchilik sohalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan yangi parrandachilik tarmoqlarini tashkil etish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng olib kirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Beshariq tumanidagi “Vodiy nasl parranda” xususiy korxonasida parrandachilik sohasida o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Bu yerda ayni paytda 80 mingdan ziyod naslli, sermahsul va kasallikka chidamli parranda parvarish qilinmoqda. Oltmish nafarga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxonada kuniga o‘rtacha 50 ming dona tuxum buyurtmachilarga yetkazib berilayotir.
– Parrandachilik serdaromad soha, – deydi korxona rahbari Bohirjon Turdaliyev. – Dastlab ishni 200 tovuqni boqish bilan boshlaganmiz. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, yanada rivojlanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini belgilab olganimiz o‘zining samaralarini bermoqda. Yiliga o‘rtacha 60 ming tovuq, 15 tonna parranda go‘shti, 300 ming jo‘ja aholi va korxonalarga sotuvga chiqarilmoqda.
Korxonada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali faoliyatni yanada kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bunda mamlakatimizda tashkil etilayotgan xalqaro savdo ko‘rgazmalarining o‘rni katta bo‘lmoqda. Tadbirkor poytaxtimizda tashkil etilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, xorijda ishlab chiqarilgan 120 ming parrandaga mo‘ljallangan uchta zamonaviy texnologiyani sotib olib, ishga tushirdi. Ayni kunlarda 400 ming AQSh dollari evaziga yangi parrandachilik jihozlari keltirilib o‘rnatilmoqda. Bu bilan ishlab chiqarish salmog‘i yanada oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Korxona joriy yilda yana bir yangi ishga qo‘l urdi. Bankning 17 milliard so‘mlik imtiyozli krediti evaziga 3 million 200 ming naslli jo‘jani parvarish qilib, viloyat aholisi, korxona va tashkilotlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqda.