Zamonaviy o‘zbek geografiyasining otasi
Farzandlaringizning Geografiya fani darsliklari muqovasiga qarasangiz “Pattoh Baratov” yozuviga ko‘zingiz tushadi. Shundan ko‘rinib turibdiki, Pattoh Baratov ilm dunësida oltmish yildan beri xizmat qilib kelayotgan, yosh avlod vakillarining geografiya fani mikyosida saboq olishida yuksak xissa qo‘shgan olimdir.
Professor Pattoh Baratov bu yil 90 yoshni qarshi oldi. Qahramonimiz va uning yaqinlari haqida biz bilmagan haqiqatlarni olimning shogirdlari, do‘stu birodarlari gapirib berdi.
– Men 1995-2000 yillar mobaynida “O‘qituvchi” nashriyotining pedagogika va psixologiya fanlari tahririyatida faoliyat ko‘rsatganman, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Bahrom Ro‘zimuhammad. – Professor Pattoh Baratovning asarlarini ko‘zdan kechirayotib, ko‘pgina yangiliklarga, mantiqli mulohazalarga duch kelganman. Jumladan, hammualliflikda bitilgan “O‘rta Osiyo daryolarining xo‘jalik ahamiyati” nomli kitobida Orol dengizi qurib borishini tabiiy jarayon emasligini xech shoshilmasdan, ehtiroslarga berilmasdan fakt va raqamlar asosida isbotlab bergan. Ularning fikricha, Orol dengizi suv sathining pasayib ketishi O‘rta Osiyo xalq xo‘jaligi uchun ancha zarardir. Chunki, dengizning sho‘r ko‘lga aylanishi, eng avvalo, suv transportiga, baliq xo‘jaligiga va ayniqsa dengiz atrofidagi mikroiqlimga salbiy ta’sir qiladi.
Professor P.Baratov 1970 yillardayoq Orol qurisa nimalar sodir bo‘lishini bashorat qilgan ekan. Afsuski, aksariyat jurnalistlar domlaning kitoblarini o‘qimaganlar, tadqiqotlariga e’tibor qaratmaganlar. Ana shuning uchun ham ularning maqolalarida, obrazli yo‘sinda aytganda, ilmiy dalillar minoralari ko‘zga chalinmagan. Yaqinda biz domla xonadoniga borib, u bilan suhbatlashdik. Suhbat asnosida oydinlashdiki, professor Baratov zamonaviy geografiya otasi ekan. Uning nomzodlik dissertatsiyasiga Moskva Davlat universiteti professori, geografiya fanlari doktori Nikolay Gvozdetskiy rahbar bo‘lgan. U 1960 yilning 30 martida Ozarbayjon davlat universiteti qoshidagi ixtisoslashgan Ilmiy kengashda dissertatsiya himoya qilgan. O‘shanda P.Baratovni rossiyalik va ozarbayjonlik nufuzli olimlar baravar olqishlagan ekan. Oradan ikki yil o‘tgach, unga dotsent ilmiy darajasi berilgan.
Domlaning umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlari o‘kuvchilari hamda talabalariga mo‘ljallab nashr ettirgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari salmog‘iga nazar tashlab, uni o‘zbek zamonaviy geografiyasining otasi, deyish mumkin. To‘qson bilan to‘qnashaëtgan Baratov domla hozirga dovur talabalarga saboq berib charchamaydi.
– Bo‘stonliq tumanidagi Soyliq qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sganman, – dedi O‘zbekiston Xalq tabobati akademiyasi a’zosi, biologiya fanlari nomzodi Abdisadir To‘laganov. – Toshkentga o‘n to‘rt yoshimda keldim. Amakim Pattoh Baratovning uyida oila a’zosidek yashadim. Nafaqat amaki, ota o‘rnidagi qadrdonimiz deyishim mumkin. Kelinoyimiz Rixsixon aya kiyim-kechaklarimizni yuvib dazmollab cho‘ntaklarimizga pul solib ham qo‘yardi. Aksariyat qarindosh-urug‘larning farzandlarini oliy ma’lumotli bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan. Fidoyi olima, go‘zal inson edi.
Amakim kelinoyimiz bilan birga Shavkat, Furqat, G‘ayrat va Dilshod ismli to‘rt o‘g‘ilni voyaga yetkazdilar. Ular olim va tadbirkor bo‘lib yetishdilar. O‘zimcha o‘ylab amakimning yetuk olim darajasiga chiqishiga kelinoyimiz ham katta hissa qo‘shgan, degan hulosaga kelaman. Men amakim siyratida, kelinoyimning ichki dunyosida ulkan go‘zallikni ko‘rdim, malohatni, saxovatpeshalikni ko‘rdim. Bu mubolag‘a emas, ayni haqiqatdir.
– Pattoh domla ilmiy ishlarida 1970 yillardayoq bugungi suv tanqisligini, Orol fojiasini bashorat qilgan edi, – dedi texnika fanlari doktori, professor Oybek Orifjonov. – Jumladan, olimning 1969 yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Dengizda suv yetishmaganda” nomli kitobida Orol dengizi suv sathining pasayib borishining oldi olinmasa kelajakda global ekologik muammolar odamzod salomatligiga soya solishi mumkinligi aytilgan edi. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, mazkur sohaga tegishli tashkilotlar rahbarlari ogohlik qo‘ng‘iroqlarini eshitmadilar. Eshitgilari kelmadi. Agarda o‘sha yillarda ular hushyor tortsalar, Orol dengizi saqlab qolingan bo‘lardi. Og‘ir damlarda Baratov domlani rafiqasi Rixsixon aya qo‘llab-quvvatladi.
Asabiylashgan damlarda ovuntirdi.
Domlaning 1970 yillarda chiqqan kitoblari hamon kadr-qimmatini yo‘qotgan emas. Xususan, O‘rta Osiyo tog‘lari, daryolari, cho‘llari to‘g‘risidagi kitoblari ko‘p nusxalarda nashr qilinsa, do‘konlarda turib kolmaydi, deb o‘ylayman. Xulosa shuki, mumtoz va zamonaviy geografiya fanlari ommalashtirilishi lozim. Ana o‘shanda Baratov domlani olim sifatidagi darajasi yaqqol oydinlashadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA