Zamonaviy maktablar o‘quvchilarga chinakam tuhfa bo‘ldi
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaning asosiy o‘chog‘i sanalgan maktablarni bugungi kun talabida jihozlash, o‘quvchilarni bilim olishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni hozirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatida so‘nggi yillarda yangi maktablar qurish, mavjudlarini kapital va joriy ta’mirlash hamda zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz ikki yilligi bayrami sharafiga viloyatda zamonaviy qiyofaga kirgan bir qator ilm maskanlari foydalanishga topshirildi.


Jumladan, Namangan shahridagi Uchqun mahallasida joylashgan 30-sonli umumta’lim maktabi uchun yangi qurilgan qo‘shimcha bino va kapital ta’mirlangan binolar o‘quvchilarga munosib tuhfa bo‘ldi.

Maktabda investitsiya dasturi doirasida bajarilgan 7 milliard 286 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida asosiy binolar kapital ta’mirlandi va qo‘shimcha 420 o‘rinli yangi o‘quv binosi qad rostladi. Yangi qurilgan bino tufayli 950 nafar o‘quvchini bir vaqtning o‘zida sifatli ta’lim bilan qamrab olish imkoniyati yaratildi.

Norin tumani Changitma mahallasidagi 41-sonli maktab binosi jihozlari eskirgani, o‘quvchilar soni ko‘paygani sababli o‘rinlar yetishmasligi bir qator muammolar yuzaga kelgandi. Nihoyat, bu muammoga yechim topildi. Bosh qomusimizning o‘ttiz ikki yilligi arafasida 8 milliard 440 million so‘m mablag‘ hisobidan 300 o‘rinli yangi, zamonaviy maktab qurib bitkazildi.

Namangan tumanidagi 9-sonli umumta’lim maktabi yangi o‘quv binosiga ega bo‘lgani Urganji mahallasida yashovchi ota-onalar, ayniqsa, o‘quvchilarga xursandchilik ulashdi. Boisi, maktabda sinf xonalari yetishmasligi oqibatida dars jarayonlari ikki smenada tashkil etilar, bu esa, tabiiyki o‘quvchilar, ularning ustozlari uchun ham ko‘plab noqulayliklar tug‘dirar edi.
“Avariya” holatiga kelib qolgan 90 o‘rinli o‘quv binosi buzilib, uning o‘rnida 210 o‘rinli yangi bino qurildi hamda mavjud 210 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta’mirlandi va jihozlandi.

Ushbu bunyodkorlik ishlariga 3 milliard 773 million so‘m sarflanib, o‘quvchilarning zamon talablari asosida bilim olishlarini ta’minlovchi shart-sharoitlar muhayyo etildi. Tantanali marosimdan so‘ng “Yashil makon” loyihasi doirasida maktab hovlisiga ko‘chatlar ekildi.

Asosiy qonunimizning o‘ttiz ikki yilligi bayrami munosabati bilan Chust tumanida ochilayotgan bir qator yangi ob’ektlar qatorida Sadacha mahallasida joylashgan 66-sonli umumta’lim maktabi ham foydalanishga topshirildi. Mazkur o‘quv dargohi investitsiya dasturi asosida 5 milliard 873 million so‘m evaziga yangi zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Bunday bunyodkorlik sa’y-harakatlari barkamol avlod uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, o‘g‘il-qizlarni chuqur bilim olishi, ertamiz egalarining intellektual salohiyatini yuksaltirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA