Zamonaviy “IT shaharcha” si foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning intellektual va innovatsion salohiyatini yuksaltirish maqsadida Farg‘ona viloyatida axborot texnologiyalari sohasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yozyovon tumanida mahalliy byudjet mablag‘lari hamda tashabbuskor tadbirkor tomonidan 50 o‘rinli, umumiy loyiha qiymati 600 mln so‘m bo‘lgan zamonaviy “IT shaharcha” si foydalanishga topshirildi. Bu yerda 5 ta yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi.
Zamonaviy inshooat ochilishida tuman hokimligi mutasaddilari, ziyolilar, nuroniylar vakillari ishtirok etishdi.
— IT shaharchasining ,,Kelajak" markazi bilan yonma-yon barpo etilishida o‘ziga xos maqsad va ma’no bor, — dedi tuman hokimi Dilshodjon Jalilov. — Shaharcha yangi g‘oyalar inkubatori sifatida yoshlar bilan gavjum bo‘lishi kerak. Toki chetga o‘z dasturlarini eksport qiladigan yoshlarni tarbiyalaylik.

Viloyat hokimining raqamli texnologiyalar bo‘yicha maslahatchisi Bahromjon Jalilov shaharchaning o‘ziga xos dizaynda qurilganiga e’tibor qaratib, bu davr talabi ekanligini ta’kidladi.
—Tuman hokimi aytganidek, shaharcha 24/7 yoshlar bilan gavjum bo‘lishi kerak,—dedi viloyat hokimi maslahatchisi. —Biz hamkorlikka tayyormiz. Soha ustalarini olib kelib, mahorat darslari tashkil qilamiz.

Tashkilot rahbari Abduvohid Abuqodirov markaz faoliyati borasida atrlflicha ma’lumot berdi. — Ikki-uch oyda qatnovchilar soni 200, yil oxiriga 500 nafarga yetkaziladi. Shiorimiz ish qidiradigan emas, ish o‘rni yaratadigan yoshlarni tarbiyalab yetishtirish, — dedi u.

Mazkur “IT shaharcha” da yoshlar dasturlash, kompyuter savodxonligi, veb-dizayn, grafik dizayn, robototexnika, sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli innovatsiyalar hamda boshqa zamonaviy va istiqbolli IT yo‘nalishlarida o‘qitiladi. Bu bilan t yoshlarimiz uchun zamonaviy va yuqori daromad keltiruvchi kasblarni egallash imkoniyati yaratiladi. Natijada yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ishsizlikni qisqartirish va ijtimoiy faollikni oshirish mumkin bo‘ladi.
Azimjon Xudoyqulov,
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hokimligi axborot xizmatining rahbari
O‘zA