Zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilmoqda
Aholisi jadal o‘sib borayotgan Toshkent shahrida ichimlik suviga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.
Har bir tomchi suvni tejab, undan oqilona foydalanish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Mazkur vazifani amalga oshirish esa eskirgan infratuzilmani yangilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni taqozo etadi.

Joriy yil avgust oyidan poytaxtimizda sovuq suv uchun “aqlli hisoblagich”larni o‘rnatish ishlari boshlandi. Ushbu tashabbus “Toshkent shahrining ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, xalqaro suv boshqaruvi sohasida yetakchi bo‘lgan “SUEZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
“Aqlli hisoblagich”lar suv iste’molini real vaqt rejimida kuzatish, haqiqiy ma’lumotlar asosida aniq va shaffof to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratadi. Endi fuqarolar hisoblash uskunalarini tekshirish uchun inspektor kelishini kutmaydi.

Bunday texnologiyalar suv ta’minoti korxonalariga ham katta imkoniyatlar beradi. Xususan, texnik nosozliklar va noqonuniy ulanishlarni aniqlash, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, tizimni samarali boshqarish va kelgusida rivojlanishni rejalashtirishda muhim vositaga aylanadi.
– Hozir o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, – deydi “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov. – Ushbu jarayonda “SUEZ” mutaxassislari, “Toshkent shahar suv ta’minoti”AJ xodimlari, “Texnopark” montajchilari hamda mahalla vakillari ishtirok etmoqda. Aholini oldindan xabardor qilgan holda kuniga o‘rtacha 5 300 ta hisoblagich o‘rnatilmoqda. Montaj ishlari Yangihayot tumanida boshlangan bo‘lib, keyinchalik boshqa tumanlarda ham davom ettiriladi.

Jarayonda asosiy qiyinchiliklar texnik va tashkiliy masalalar bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ayrim eski binolarda quvurlarga kirish va uskunalarni moslashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Biroq bunday holatlar mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilib, belgilangan ish jadvaliga jiddiy ta’sir ko‘rsatmayapti.
Eng muhimi, aholi ushbu yangilikka ijobiy munosabat bildirmoqda. Hisoblagichlarning bepul o‘rnatilayotgani keng e’tirof etilmoqda. Fuqarolarimiz tizimdagi shaffoflik va aniqlikni, yengilliklarni sezmoqda.

Sentyabr oyidan boshlab o‘rnatish ishlarida ishtirok etuvchi jamoalar soni 25 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Agar zaruriy sharoitlar yaratib berilsa, yil oxirigacha 50 mingga yaqin hisoblagich ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Jamiyat oldiga uzoq muddatli maqsad qo‘yilgan bo‘lib, 2030 yilgacha 650 mingdan ortiq “aqlli” sovuq suv hisoblagichlari o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, Toshkentdagi “Texnopark” sanoat majmuasida mahalliy yig‘ish liniyasi ishga tushirilmoqda. Bu nafaqat loyiha samaradorligini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali poytaxtni modernizatsiya qilish jarayonlariga sezilarli hissa qo‘shadi.
“Aqlli hisoblagich”lar faqat hisob-kitob uskunasi emas, balki Toshkentning “aqlli” va barqaror shahar konsepsiyasidagi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Texnologiya orqali to‘planadigan ma’lumotlar suvdan foydalanish madaniyatini shakllantiradi, isrofning oldini oladi, tarmoqlarni optimallashtirish va energiya tejamkorligini ta’minlashga, o‘z navbatida ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA