Zamonaviy chiqindi yig‘ish mashinalari topshirildi
Aholi va tadbirkorlarga hududlarda sifatli xizmat ko‘rsatish uchun chiqindi yig‘uvchi zamonaviy texnika vositalarining o‘rni juda muhim. Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish Respublika markazi tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga lizing asosida Toshkent viloyatiga 44 ta “Isuzu” chiqindi yig‘ish maxsus texnikalari topshirildi.
Bu tuman-shaharlardan chiqindilarni olib ketish qamrovini oshiradi. Ushbu texnikalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalarga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda. Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilgan. Bu esa sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilashga, qamrov darajasini oshirishga hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketishga yordam beradi.

Ma’lumot uchun: sanitar tozalash korxonalariga yengillik yaratish maqsadida ular tomonidan boshlang‘ich badal shakllantirishda qiyinchilik tug‘ilganda, uning o‘rniga qonunchilikda belgilangan tartibda ta’minot turlaridan biri yoki bir nechtasini taqdim etish imkoniyati ham berilmoqda. Avgust oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida hududda obodonlashtirish oyligi bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq xodimlari tomonidan jamoat joylarini obodonlashtirish va ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, “mahalladan xonadongacha” tamoyili asosida mahallalar hududlarining tozaligini oshirishga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, chiqindi tashlash mumkin bo‘lmagan joylarga maxsus kuzatuv kameralari ham o‘rnatilgan bo‘lib, qonunbuzilish holatlari aniqlanganda tegishli choralar ko‘rilmoqda.


A.Musayev, O‘zA