Zamonaviy “Aqlli” nasoslar – tejamkor va xavfsiz
Respublikamizda ilk marotaba Jizzax viloyatining Paxtakor tumani kanalizatsiya tizimiga Shvetsiyada ishlab chiqilgan zamonaviy “Flugt” konseptor nasoslari o‘rnatildi.
Shu munosabat bilan soha xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda xorijiy “Xylem” korporatsiyasining mutaxassislari Zoom orqali qatnashib ushbu nasoslarning afzalliklari va ulardan foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Nafaqat Paxtakor tumani balki viloyatning barcha hududlarida kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish eng muammoli masalalardan hisoblanadi. Ko‘pchilik tuman markazlarida o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan oqava suv tarmoqlari allaqachon yaroqsiz holga kelgan.
Shu bois Paxtakor tumani markazidagi mavjud oqava suvlarni haydash nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihasi muhim ahamiyatga ega yangilik hisoblanadi.

Hozirgi kungacha Paxtakor tumanida 1982 yilda ishga tushirilgan 7 ta oqava suvlarni haydash nasos stansiyalari mavjud bo‘lib, shundan 5 tasi 40 foiz quvvatda ishlab kelayotgan, qolgan 2 tasi maishiy chiqindilarga to‘lib, ko‘milib qolganligi natijasida ishlamasdi.
Seminarda mutaxassislar ushbu eski nasoslar o‘rniga o‘rnatilgan “Smart” texnologiyasi orqali masofadan boshqariladigan hamda energiya tejamkor “FLYGT” nasoslarining texnik imkoniyatlari haqida batafsil tushuncha berdi.
“Free Line group“ tashkiloti tomonidan olib kelingan 12 dona “FLYGT” nasoslari to‘liq avtomatlashtirilganligi bilan oddiy nasoslardan farq qiladi.
Aqlli (smart) texnologiyalar asosida ishlaydigan bu nasoslar suv ostiga o‘rnatilib, foydalanishda inson omilining deyarli ta’siri bo‘lmaydi. Nasoslar o‘zi avtomatik ravishda kelayotgan oqova suvlar miqdoriga mos ravishda ishga tushib, o‘zi to‘xtaydi. Ishchilar hayotini xatarga qo‘yib 8-10 metr chuqurlikka tushishlariga, is gazidan zaharlanishlariga barham berildi.

Eng asosiysi, yangi nasos stansiyalarning energiya tejamkorligi. Eski nasoslar ishlagan davrda 5 ta kanalizatsiya nasos stansiyasi bir oyga 31.6 ming kilovat-soat elektr energiya ishlatilgan bo‘lsa, 6 ta yangi kanizatsiya nasos stansiyasi bir oyda 21.6 ming kvt., yoki 40 foiz kam elektr energiya sarflaydi.
Endilikda tumandagi oqavasuv bilan bog‘liq muammoli holatlarning oldi olinadi. Bundan tashqari, tuman markazidagi oqava suv tarmoqlari va inshootlarini rekonstruksiya qilish davomida eskirgan transformatorlar o‘rniga 6 dona yangi transformator o‘rnatilgan. Yangi texnologiya nafaqat oqavasuv tarmog‘ining yangilanishiga qolaversa, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ishlarini yengillashtirishga yordam beradi. Eng muhimi, aholining yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Seminarda xorijlik mutaxassislar tomonidan zamonaviy suv tozalash tizimlari va chiqindi suvlarni haydash sohasidagi yangiliklar, FLYGT concertor aqlli nasoslari, drenaj va quritish tizimlari bo‘yicha ishtirokchilar bergan savollarga batafsil javob berildi.
Tadbirda O‘zbekistonda birinchi marotaba Flygt Concertor intellektli oqava suv nasos tizimini muvaffaqiyatli ishga tushirilganligi uchun "Jizzax suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zokir Mamarasulovga “Free Line group“ MCHJning sertifikati topshirildi.
T. BEKNAZAROV, O‘zA