Zamonaviy amaliy san’at: dekor va uslub
Bugun O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida 2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»ga bag‘ishlangan «Zamonaviy amaliy san’at: dekor va uslub» deb nomlangan III Toshkent Xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talaba-yoshlarining «Zamonaviy va an’anaviy liboslar» namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur hamda institut rektori Nodirbek Sayfullayev bugun o‘z iste’dodlarini keng ommaga namoyon etayotgan yosh dizaynerlarni mazkur san’at bayrami bilan muborakbod etar ekan, ular kelajakda Yangi O‘zbekiston libos dizayni sohasida munosib iz qoldira oladigan, o‘z mustaqil brendlarini yaratib, ularni jahon darajasiga olib chiqa oladigan yetuk ijodkor bo‘lishlariga tilak bildirdi hamda buning uchun ularda bilim, tajriba, mahorat va imkoniyat mujassam ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shuningdek, tadbirda institutning Libos va gazlamalar ta’lim yo‘nalishini 2020/2021 o‘quv yilida bitirgan talaba-yoshlarning Bitiruv malakaviy ishlarini o‘zida jamlagan «Yosh ijodkorlar» katalogining to‘rtinchi soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu katalogda o‘rin olgan bir-biridan o‘zgacha uslubda ishlangan liboslar moda ixlosmandlari uchun o‘ziga xos yangilikka aylandi.
Namoyishda Libos va gazlamalar yo‘nalishida tahsil olayotgan iste’dodli talaba-yoshlar tomonidan Avangard, Kechki liboslar, Sport kabi betakror uslublarda «Qalbimda adras», «Oltin kuz», «Beqasam mavsumi», «Shahar yomg‘iri», «Unutilgan beqasam», «Osiyo shamoli», «Sehrli tun», «Falsafa», «Shiddat», «Kontrastlar», «Chegaralar» va boshqa liboslar to‘plami mutaxassislar va tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Ushbu liboslar o‘zining betakror ko‘rinishi va milliy qadriyatlarimiz hamda zamonaviy moda olami yangiliklarini uyg‘unlashtira olgani bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijdan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, libos dizayni ixlosmandlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, italiyalik dizayner Erik Ede tomonidan taqdim etilgan liboslar kolleksiyasi ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
– Men bugun ushbu namoyishga o‘zimning Avangard moda uslubidagi «Qalbimda adras» liboslar to‘plamimni tomoshabinlar e’tiboriga havola qildim, – deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, institutning Libos va gazlamalar yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Farangiz Tohirova.
– O‘ylaymanki, barchaga ma’qul keldi. Meni eng ko‘p ilhomlantiradigan yo‘nalish bu albatta, milliy matolarimiz hisoblanadi. Kelajakda o‘z ijodim va yaratgan liboslarim orqali milliy liboslarimizni jahonda yanada keng tarqalishiga, dizaynerlar tili bilan aytgan kengroq urf bo‘lishiga erishish hamda o‘z brendimni yaratib jahon moda sanoatida munosib o‘rin egallash. Buning uchun institutda biz, yoshlar uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Aytish o‘rinliki, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Libos dizayni» kafedrasi 2001 yildan «Amaliy san’at va dizayn» fakulteti tarkibida faoliyat yuritib kelmoqda.
Dizayn sohasidagi ilmiy-texnik jarayon ko‘p jihatdan dizaynerning ijodiy faoliyati, ya’ni, kiyimning yangi loyihasini yaratish, konstruktorlik va ratsionalizatorlik ixtiro, topilma va yangiliklarni sanoat ishlab chiqarishiga joriy etish bilan bog‘liq.
Shu ma’noda, kafedra professor-o‘qituvchilari tarkibi libos loyihasini yaratish sohasida bir necha yillardan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan professional dizayner, konstruktor-modeler va ijodkor rassomlardan iborat.