Zamin iqlimini qanday qutqarsa bo‘ladi?
Bu savolga olimlar anchadan buyon javob qidiradi. Ilmiy faraz, taxmin, tahlil ko‘p, Taassufki, insoniyat izlanishlar natijasiga qarab yashayotgani yo‘q.
Sayyoramiz aholisi sakkiz milliardga yaqinlashmoqda. Hamma istemolchi va atrof muhitni ifloslantiruvchi hisoblanadi. Tasavvur qilaylik, kishilar Yer iqlimini asrashni istasa, go‘shtdan, pivodan, qahvadan, uzoq yo‘lga sayohatga chiqishdan, video o‘yindan voz kechishi kerak ekan. Shuningdek, bir kunda atigi ikki marta hojatxonaga borishi, haftada bir marta vanna qabul qilishi va bir yilda beshta futbolka sotib olishi lozim. Ha, ishonmasligingiz mumkin, lekin “Credit Suisse”ning “mas’uliyatli yashash tarzi” to‘g‘risidagi hisobotida aynan shunday deyiladi.

Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, insonning yashash tarzi SO2, ya’ni, dioksid uglerodi, soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, is gazini atrof muhitga ko‘p chiqarish bilan davom etmoqda. Bu borada eng ko‘p ulush fuqarolari farovon yashaydigan boy mamlakatlarga to‘g‘ri keladi, chunki bunday yurtlarda iste’mol miqdori boshqalardan farq qiladi. Rivojlangan mamlakatlar uy bekalari yiliga 130 tonna SO2 ishlab chiqaradi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha yiliga o‘rtacha 3,4 tonnani tashkil etadi: farq juda katta, shunday emasmi? Tahlilchilar hayot tarzining barcha jihatini ko‘rib chiqib, iqlimni saqlab qolish uchun kelajakda qaysi odatlarni o‘zgartirish zarurligini taxmin qildilar.
Hisob-kitobdan keyin ma’ruza mualliflari iste’molchilarni to‘rt guruhga bo‘lishdi: "kam sayohat qiladi, onlayn xarid qiladi", "o‘rtacha harakatchan xaridor", "SO2 ni ko‘p chiqaruvchi faol xaridor", "mukkasidan ketgan sayohatchi". Ushbu guruhlarga kiruvchilarning har biriga turmush tarzidan kelib chiqib, qancha uglerod to‘g‘ri kelishini hisoblab chiqishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, atrof muhitni eng ko‘p ifloslantirayotganlar faol xaridorlar, do‘konma-do‘kon izg‘ib yuruvchilar, shuningdek, uzoq safarga chiquvchilar ekan. Ayni hayot tarziga ega shaxs yiliga havoga 25 tonna zararli gaz chiqaradi. Keyingi o‘rindagi "sayohatga mukkasidan ketganlar"ning har biri bir yilda 17 tonn SO2 ulashadi. Uzoqqa sayohat qilmaydiganlar va do‘konma-do‘kon kezishni yoqtirmaydiganlarda bu raqam biroz kam - 15 tonna. Iqlimni asrash uchun eng maqbul guruh onlayn xarid qiladiganlar va uydan ko‘chaga chiqmaydigan xonanishin odamlar ekan. Ular hissasiga yiliga, atigi, 5 tonna is gazi to‘g‘ri keladi.
"Tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, to‘rttala guruhdagi iste’molchida ham havoni ifloslantirishiga sabab bo‘ladigan omillar o‘xshash. Demak, “qanday qilib havoni ifloslantirmaslik mumkin”, degan savolga javob ma’lum: sayohatni kamaytirish kerak, ekologik transportdan foydalanish lozim, masalan, velosiped yoki poyezddan.
Umuman, qanday bo‘lishimiz kerak?
Bunga shveysariyalik olimlar javob berishga urinib ko‘rishdi. Ularning xulosasiga ko‘ra, yiliga 2,5-3 tonna chiqindi chiqaruvchilar ideal iste’molchi bo‘lishi mumkin ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi quyidagi harakatlarga e’tibor qaratishi zarur. Ya’ni, go‘sht iste’molini cheklashi, haftasiga ikki marta parranda go‘shti va dengiz mahsuloti, 50 gramm shokolad va chips, 25 gramm pishloq yeyish mumkin. Har kungi taomnomada sabzavot, haftasiga besh marta meva bo‘lsin. Xamirli ovqat va kartoshka bir haftada ikki bor iste’mol qilinsa kifoya.
Sayohatni yiliga bir parvoz bilan amalga oshirsa bo‘ladi, shunda ham qisqa masofaga. Elektromobilda yiliga besh ming kilometr yurish mumkin. Shaharda haftada to‘rt kun jamoat transportida, besh marta qisqa masofaga, oyiga ikki bor uzoqroq masofaga yurish ma’qul. Besh yulduzli mehmonxonadan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Fitnesga haftada uch marta qatnash yetarli, kuniga bir soat televizor ko‘rish, video o‘yinga vaqt sarflamaslik, yozuv stolidan bir kunda sakkiz soat foydalanish - me’yor, noutbukka va smartfonni quvvatlantirishga bir soat vaqt ajratish yetarli.
Bundan tashqari, uydagi odatlardan ham voz kechishga to‘g‘ri keladi. Kir yuvish mashinasidan haftasiga bir marta foydalanish mumkin, dush qabul qilish yetti kunda uch marta sakkiz daqiqadan. Shuningdek, idish-tovoq yuvadigan mashinadan ham haftada bir marta foydalanish kerak.

Kiyimga kelsak, bir yilda ikki juft jinsi, uchta ko‘ylak va beshta futbolka kiysangiz, kifoya. Pidjak va kostyum uchun SO2 limiti yo‘l qo‘ymaydi.
Hozirgi zamon iste’molchilari yukorida keltirilgan ro‘yxatni o‘qib, atrof-muhitni qay darajada ifloslantirayotganini tasavvur qilishi qiyin emas. Tan olish kerak, bunday me’yorga erishish sanoat davrida yashayotganlar uchun ancha mushkul. Binobarin, gap o‘zimiz yashayotgan ona zamin iqlimi haqida bormoqda. Ayni muammoning yechimi atrof-muhit musaffoligini saqlab qolish, avvalo, o‘zimiz, qolaversa, farzandlarimiz, kelgusi avlod uchun juda muhim. Aslida, buning uchun ko‘p narsa qurbonlik qilish shart emas: shunchaki, turmush tarzini biroz o‘zgartirish, ayrim odatlardan voz kechish yetarli.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA