Zafar muborak, buxorolik pillakorlar
Buxoro viloyati pillakorlari 2 ming 700 tonnadan ortiq “kumush tola” tayyorlab, shartnoma rejasini bajardi.
Mavsumda 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 40 mingga yaqin zveno va kasanachilar tomonidan 46 ming 467 quti ipak qurti parvarishlandi. 2 ming 700 tonnadan ziyod sifatli pilla xom ashyosi yetishtirildi. Yetishtirilgan hosilning asosiy qismi yuqori navlarga qabul qilindi.


Erishilgan bu muvaffaqiyatga viloyatning ayniqsa, Shofirkon, Romitan, Buxoro, Vobkent, Peshku, Qorako‘l, Olot tumanlari pillakorlari munosib ulush qo‘shdi. Ilg‘or zvenolarda, hatto, bir qutidan 85-100 kilogacha pilla olindi.
Joylardagi bevosita qayta ishlovchi klasterlar, aniqrog‘i, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida “Gijduvon Ipak tola”, Jondor va Romitan tumanlarida “Romstar”, Vobkent va Kogon tumanlarida “Kumushkent ipagi”, Buxoro tumanida “Silk servis”, Peshku tumanida “IMANSTAR”, Olot va Qorako‘l tumanlarida “Qorako’l ipak cluster” korxonalari mas’uliyati, qolaversa, rahbarlarining shaxsiy javobgarligi oshirildi va pilla yetishtiruvchilarga zarur sharoit yaratib berildi. Hamkorlikda tarmoq faoliyati samarali tashkil qilingani mavsumni yuqori darajada mahsuldorlik bilan o‘tkazish imkonini berdi.


Qo‘lga kiritilgan yutuqda pillakorlarni moddiy qo‘llab-quvvatlagan “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Qishloqqurilishbank”, “Kapitalbank” viloyat filiallarining ham alohida hissasi bor. Ularning moddiy qo‘llab-quvvatlovi tufayli ipak qurti urug‘ini tarqatish jarayonida umumiy qiymati 23 milliard so‘mdan ortiq avans, ya’ni bo‘nak puli kasanachi oilaviy zvenolarga yetkazildi.
Rejadan tashqari qabul qilingan pillaning har kilosiga tarozi boshida 40-45 ming so‘mdan mukofot puli berilgani ham umumiy yutuqqa erishishda muhim vosita bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydigan bo‘ldi. Pilla boquvchilar va tizim kasanachilarining pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji sifatida hisoblanmoqda. Shularni inobatga olib, hududlarda ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlari barqarorligini saqlash maqsadida tarqatiladigan ipak qurti har yilgi rejadan 10 foizga, ya’ni 4,5 ming qutiga oshirildi.


Qishloq aholisini, ayniqsa, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash va ularning daromadlarini oshirish uchun 1 qutidan pilla tarqatib berish orqali daromadli qilish choralari ko‘rildi. Umuman, mavsumda 110 ming kishining bandligi ta’minlandi.
Viloyatda qabul punktlariga pilla hosilini topshirish davom etmoqda. Birinchi va ikkinchi mavsumda yetishtirilgan yalpi hosil xirmonini 3 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bugun xirmonda saranjomlangan yalpi hosilni qayta ishlash hisobidan 850 tonnadan oshiqroq yarim tayyor ipak mahsuloti ishlab chiqariladi va eksportga yo‘naltiriladi. Muhimi, faqat bu bilan cheklanmagan holda, pillachilik mavsumining uchinchi va to‘rtinchi bosqich parvarishini o‘z ichiga olgan avgust–sentyabr oylarida agroklasterlar va ular tarkibidagi kasanachilar ko‘magida viloyatda 6 ming 970 quti ipak qurti boqiladi. Bu degani, yil yakuniga borib qo‘shimcha 400 tonna atrofida pilla hosili yetishtiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA