Zafar muborak, buxorolik g‘allakorlar
Buxoro viloyati g‘allakorlari davlatga bug‘doy sotish rejasini bajardi.
G‘allakor uchun hal qiluvchi palla sanalgan iyun oyi zahmati o‘rim-yig‘im samarasi o‘laroq, azmu shijoati qat’iy buxorolik g‘allakorlar ham mamlakatimizda ilg‘orlar qatorida davlatga don sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan uddaladi.
Joriy yilda viloyatdagi 2 ming 984 ta fermer xo‘jaligi hamda 11 ta g‘allachilik klasteri tomonidan umumiy maydoni 60 ming 600 gektar maydonga bug‘doyning “Starshina”, “Alekseyevich”, “Grom”, “Krasnodar-99”, “Vassa”, “Asr” kabi istiqbolli navlari ekib parvarishlandi.

G‘allachilikda band bo‘lgan sub’ekt soni o‘tgan yilgiga nisbatan 52 taga ko‘paytirilgani holda bu yil 464 ming tonnalik don xirmoni bunyod etildi. Pirovardida har gektar hosildorligini 76 sentnerga yetkazish maqsad qilingan. Ahamiyatli jihati, joriy mavsumda 260 ming tonnadan oshiq bug‘doy hosili fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qolayotgani ulardagi mehnat jamoalari moddiy manfaatdorligini oshirishga, faoliyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.


Davlatimiz rahbarining o‘tgan yilgi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy qarori g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilgani g‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqini berdi. Bu eng avvalo, fermer xo‘jaliklari, qolaversa, xo‘jalik a’zolarining daromadiga daromad qo‘shish imkonini yaratdi. Chunonchi, bultur boshoqli donning 20 ming gektardan ziyodi paxtadan bo‘shagan maydonning qator oralariga ekilgan bo‘lsa, joriy yil mavsumida 28 ming gektardan oshiq g‘o‘za qator orasida boshoqli don ekinlari ekib yetishtirildi.

Viloyat fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar tomonidan joriy yil shu kuniga qadar tumanlardagi jami 20 ta don qabul qilish maskani orqali umumiy saranjomlangan g‘alla xirmonining 138 ming 904 tonnasi tovar don, 15 ming 56 tonnasi esa urug‘lik don sifatida saralangan.
Yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish uchun viloyatdagi mavjud 189 ta kombayn otryadi shakllantirildi. Shuningdek, otryadlarga 950 taga yaqin yuk avtomobili, tashish transporti, 40 ta ko‘chma servis xizmati ustaxonasi, 40 ta yonilg‘i tashish vositasi biriktirildi.
G‘alla hosilini yetishtirish va davlatga don sotish bo‘yicha Romitan, Vobkent, Olot, Qorovulbozor, Buxoro, Qorako‘l tumanlari dehqon-fermerlari jonbozlik ko‘rsatdi. Ilg‘orlar qatorida Romitan tumanidagi “Akram”, “Olim Hidoy zamini”, “Sa’dullo bobo”, “To‘ra Jo‘ra Umar”, Olot tumanidagi “Jumanazar O‘lmas”, “Said Chori saxovati”, “Vohidjon Fayziyev”, “Yashnarbek Sanoqulov”, Vobkent tumanidagi “Ulug‘bek Omon zamini”, “Jo‘ra Durbek Vahob”, “Sattorov Ortiq bobo”, “Nurillo Amon Abdullo”, Qorovulbozor tumanidagi “Faxriddin Fayozbek”, “Axtam Davron”, “Samandar Arab” kabi fermer xo‘jaliklarining katta xirmonda hissasi beqiyos.

Garchi ko‘zlangan xirmon ko‘tarilgan bo‘lsada, dalalarda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom etmoqda. Bu bilan hosildorlikni yanada oshirish maqsad qilingan bo‘lsa, bir tomondan hosildan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekish ishlari boshlab yuborilgan. Bu borada har bir tumanda maxsus ishchi guruhlari tomonidan kam ta’minlangan, moddiy madadga muhtoj oilalar, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga dalada mehnat qilib, daromad topishlari uchun sharoit yaratilmoqda. Aniqrog‘i, bu yil jami 62 ming gektar yerda takroriy ekin yetishtirish ishlari allaqachon boshlangan. Chunonchi, 3 ming 525 gektar yerda sabzavot, 1 ming 939 gektarda poliz, 2 ming gektrdan ziyod yerda kartoshka, 5 ming 552 gektar yerda loviya, soya, kungaboqar kabi moyli ekinlar, 1 ming 694 gektarda sabzi va boshqa mahsulotlar yetishtirish maqsad qilingan. Bundan tashqari, joriy mavsumda g‘alladan bo‘shayotgan konturlarning 22 ming 858 gektarida chorva mollari uchun ozuqabop ekinlar yetishtirish sa’y-harakati bormoqda. Bu ham agrar majmuada faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy manfaatdorligi uchun ayni muddao.
E’tirof etish joizki, buxorolik g‘allakorlarning erishgan ulkan yutug‘i mamlakatimiz Mustaqilligining qutlug‘ 32 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Ular bundan keyin xam fidokorona mehnat qilib, yanada yuksak natijalari bilan el-yurt uchun xizmat qiladi.
Mehnat zafaringiz muborak bo‘lsin, buxorolik g‘allakorlar.
Zarif Komilov, O‘zA