Yurtimizning muqaddas qadamjolari
Rivoyatlarda imomi hanafiya Muhammad g‘oyib bo‘lgan joy deb ta’rif berilgan ziyoratgoh haqida eshitganmisiz?
Xo‘jaobod tumani, Imomota qishlog‘i, Toshota mahallasining tog‘li hududida joylashgan “Imom ota” ziyoratgohining umumiy hududi bir necha gektarni tashkil etadi. Tog‘ qoyalaridan biri ziyoratxona ichiga kirganligi bois, ayrim rivoyatlarda bu joyga Imom Hanafiya Muhammad g‘oyib bo‘lgan joy, deb ta’rif beriladi. Ziyoratgoh qadimdan islom olamida munosib o‘rin tutgan Imomi Muhammad Hanafiya nomi bilan atalib kelingan.
[gallery-5843]
O‘zining mustahkam ta’limotiga ega Imomi Hanafiya avlodlari va uning shogirdlari o‘lkamizda uzoq yillar davomida qozilik va boshqa diniy boshqaruv vazifalarini bajarganlar. Shu jumladan, Imom Hanafiya shajarasiga mansub taqvodor, aziz avliyolar tabiati so‘lim, bahavo, muqaddas ushbu ziyoratgohda sulola an’analari asosida shayxlik qilib, odamlarni iymon e’tiqodga, halollik va poklikka chorlagan. Mahalladan oqib o‘tuvchi ariq yoqasida joylashgan dam olish maskanlari, choyxona, tijorat do‘konlar, shuningdek, qishloq yuqorisidagi tog‘lik hududdagi buloqlardan oqib tushuvchi kichik jilg‘alar ziyoratgohning tarkibiy qismiga kiradi. Bu yer tabiati go‘zal, havosi musaffoligi uchun ham hamisha odamlar bilan gavjum. Tabarruk maskanga ziyoratchilar niyat va maqsadlari ijobati, hojatlariga ravonlik, mushkullariga osonlik, dardlariga shifo tilab hamda xordiq chiqarish maqsadida tashrif buyuradi.
Ziyorat joyi qadimiy Toshota qabristonining ro‘parasida joylashgan. Uning yonida ziyoratgoh devorga tutash aylana tarxli oshxona, ayvon va ziyoratgoh xizmatchilari uchun maxsus xonalar mavjud. Kichikroq 4 ta xonadan iborat ziyoratgohda tashrif buyuruvchilarning ibodat qilishlari va namoz o‘qishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ziyoratgohning janubiy tomonida II jahon urushi qatnashchilari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik bor. Ayrim manbalarda keltirilishicha, XIX asr oxirlarida andijonlik Mahmudaliboy ismli shaxs tomonidan ziyoratgoh ta’mirlangan. Bu yerda Hanafiya maqbarasi bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotlar topilmaganligi uchun 2011 yilda madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilib, diqqatga sazovor joy – “Imom ota” ziyoratgohi deb qayta ro‘yxatga olingan. Ziyoratgoh mustaqillik yillarida milliy me’morchilik an’analari asosida qayta tiklangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA