Yurtdoshim oʻqituvchiga oson tutmang
76 yoshdaman. Ocharchilik davrni ham, qiyinchiliklarni ham koʻrdim. Yaratganga shukrki, dorilomon kunlarga yetdik.
76 yoshdaman. Ocharchilik davrni ham, qiyinchiliklarni ham koʻrdim. Yaratganga shukrki, dorilomon kunlarga yetdik. Hayot hech qachon toʻxtab qolmaydi. Hozirgi pandemiya insoniyat uchun sinov.
Bu kunlar xalqimizni birlashtirdi, yurtimizda hamjihatlik bilan pandemiyaga qarshi kurash olib borilayotganini xalqaro hamjamiyat ham eʼtirof etmoqda. Karantin eʼlon qilinib, oʻquvchi va talabalar taʼtilga chiqarildi. Dastlab farzandlarimiz uyda oʻtirib bilimsiz qolib ketyapti deb qaygʻurganimiz rost. Shunday vaziyatda taʼlim-tarbiyada boʻshliq boʻlmasligi, oʻquvchilar darslarni oʻzlashtirishlari uchun amaliy ishlarga qoʻl urilganini koʻrib, koʻnglimiz ancha taskin topdi.
Muhtaram Prezidentimizning “Vaqtingizni bekor oʻtkazmasligingizni iltimos qilgan boʻlardim. Kitob oʻqing, til oʻrganing, sport bilan shugʻullaning”, degan gaplari taʼlim va tarbiyada hech qachon tanaffus boʻlmasligini yana-da teranroq his etishimizga undadi.
Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda qisqa muddat ichida tezkorlik bilan tashkil etilayotgan onlayn darslar nafaqat oʻqituvchilarni, ota-onalarni ham quvontirdi. Bu jarayonda nafaqat oʻquvchilar, balki ota-onalar ham farzandlari bilan vaqtlarini samarali oʻtkazmoqda.
Oʻqituvchilik – ulugʻ va sharafli kasb, bir umr shu kasbning nonini yedim. Bir paytlar uni jamiyatda nufuzi pasayib, taʼlim-tarbiyadan tashqari boshqa ishlar bilan shugʻullanganini ham koʻrdik. Bugun esa oʻqituvchilarga eʼtibor kuchaydi, ularning qadri va qaddi tiklandi. Karantin davrida koʻplab yurtdoshlarimiz ularning zimmasidagi ulkan yukni his etishayotganini ijtimoiy tarmoqlar orqali bilyapmiz. Taʼlim-tarbiya berish oson ish emas. Bugun televideniye orqali minglab farzandlarimizga onlayn darslar oʻtayotgan muallimlarimiz ancha tajribali, mahoratli.
Oʻqituvchi inson, u ham adashadi. Qisqa muddat davomida fidokorona qalb va jasorat bilan tayyorlangan onlayn darslarga salbiy fikrlar bildirib, oʻqituvchilar mehnatini obroʻsizlantirishga uringan baʼzi shaxslar uchradi. Ana shunday insonlarni ham qaysidir ustoz oʻqitgani, harf tanitgani, tafakkurini rivojlantirishiga mehnati singganini eslatishni istardim.
Onlayn darslar bizda ilk bor qoʻllanilayotgani, texnik imkoniyatlar ham yetarli emasligi, yangi tajriba ekanligini hisobga olsak, bu darslarni olib borayotgan oʻqituvchilarni qahramonlar, deb atashimiz mumkin.
Ayni vaqtda televideniye orqali uzatilayotgan teledarslar tobora mukammal tus olmoqda. Har bir oilada oʻquvchilar ota-onalar bilan birgalikda teledarslarni intiqlik bilan kutmoqda. Xususan, oʻzim ham nevaralarim bilan teledarslarni kuzatib boryapman. Ularga berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishini nazorat qilaman. Chunki faqat darsni tinglash bilan uni oʻzlashtirishi qiyin. Oʻquvchi oʻzi mustaqil izlanishi kerak. Shunday paytda yoshlarni kitobga boʻlgan mehrini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Kitob oʻqigan insondan hech qachon yomonlik chiqmasligini unutmang.
Oʻqituvchi koʻz nuri va qalb qoʻrini, bor bilim va tajribasini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlab, maʼrifat ziyosini taratadi. Shu kasbni tanlaganimga doimo shukrona aytaman. Axir bugun yuzlab shogirdlarim yurt ravnaqi uchun astoydil mehnat qilyapti. Ularning ichida insonlar salomatligi uchun kurashayotgan shifokorlar ham yurtimizning osoyishtaligini taʼminlayotgan vatan himoyachilari ham bor. Har qanday vaziyatda muallim saboq berish uchun harakat qiladi, bor mehrini oʻquvchilari uchun ayamaydi. Shuning uchun ham biz ularni yana-da qadrlashni unutmaylik.
Toʻlqinjon Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi
Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani