Yurt tilsimlari: Masjidi Kalon (+video)
Qutayba ibn Muslim Buxoroni zabt etgandan so‘ng hijriy to‘qson to‘rtinchi yili (milodiy 712–713-yillar) Buxoro arki ichidagi majusiylar butxonasini masjidga aylantiradi. Shahar aholisi har juma kuni shu yerga yig‘iladi. Qutayba har juma kuni jarchi qo‘yib, odamlarni namozga chaqirtirganini Ab-u Bakr Muhammad Narshaxiy "Buxoro tarixi" kitobida yozib qoldirgan.
Hijriy bir yuz ellik to‘rtinchi (milodiy 770–771) yili buxoroliklar ark va shahriston bozori o‘rtasida jome bino qiladilar. Mazkur jome Movarounnahrda qurilgan birinchi masjid va hozirgi Masjidi Kalonning ilk binosi edi. Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy (810–870) Buxoroga kelganlarida ham Masjidi Kalon juda katta masjid bo‘lgan. Bu yerda dars o‘tganlarida ma’lum bir masofada muballig‘lar, ya’ni, yetkazuvchilar turib, Imom Buxoriyning so‘zlarini xalqqa yetkazib turgan.
Hijriy 459 (milodiy 1067–1068) yili jome masjidda yong‘in chiqadi va Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102–1130) davrigacha qarovsiz qoladi. So‘ng Arslonxonning farmoni bilan jome hijriy besh yuz o‘n beshinchi yili (milodiy 1121–1122-yillar) qaytadan tiklandi. U bularning hammasini o‘z mablag‘i hisobidan qildi. Arslonxonning buyrug‘i bilan minora qayta ko‘tariladi, uning tepasi pishiq g‘ishtdan ishlanadi.
Shunday qilib, Minorai Kalon Arslonxon davrida ikkinchi marta qurildi. Shuning uchun Minorai Kalon "Minorai du" deb ham ataladigan bo‘ldi. Masjidi Kalon Ko‘chkinchixon farmoni bilan 1514-yili qayta ta’mirlanadi. Ubaydullohxonning o‘g‘li Abdulazizxon (1540–1550) davrida Masjidi Kalon peshtoqi va mehrobiga zabardast xattot Shayx Boyazid Puroniy Qur’oni Karim oyatlarini katta mahorat bilan naqshladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SFeshSoQf8k" title="Yurt tilsimlari: Masjidi Kalon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, bu xattot Abdulazizxon Buxoro aholisini bir qancha soliqlardan ozod qilganini marmar lavhaga yozib, uni masjid kiraverishiga o‘rnatgan.
Masjid ichkarisidagi peshtoq oldida bir ko‘shk bor. U "Qabri shahidon" deb ataladi. Ko‘shkni 1913-yili Amir Olimxon farmoniga binoan usta Shirin Murodov qurgan. Masjidi Kalonning oxirgi imomi Ibodulloxon eshon 1930-yilgacha imom-xatiblik qiladi.
1920-yili Frunze qo‘mondonligi ostidagi sho‘ro qo‘shini Buxoroga bostirib kirdi. Shahar yuzlab to‘p va o‘n bitta samolyot bilan ayovsiz bombardimon qilinib, ko‘pgina masjid-madrasalar vayron etildi. Omon qolgan masjidlar keyinchalik otxona va qurol-yarog‘ omborlariga aylantirildi. Mustabid sovet tuzumi davrida ko‘p muqaddas qadamjolar xarob holga keldi. Masjidi Kalonning boshiga ham shunday kunlar tushdi – u umumiy omborxonaga aylantirildi.
1976-yildagi zilzila sababli binoning bosh peshtoqiga shikast yetadi. Uni 1980-yili Ochil Bobomurodov shogirdlari bilan asl holiga keltirib tikladi.
1997-yili Buxoro shahrining 2500-yilligiga tayyorgarlik jarayonida Poyi Kalon me’moriy majmuasida Masjidi Kalon, Mir Arab madrasasi kabi jami yigirma sakkizta madaniy meros inshooti to‘liq ta’mirlandi. Buxoro shahri markazidagi tarixiy me’moriy yodgorliklar, jumladan, Masjidi Kalon ham YUNESKO jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA