Yurt obodligiga munosib hissa qo‘shamiz
Yurtimiz obodligi yo‘lida olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlar tashkil etish ona tabiatimiz musaffoligini ta’minlash bilan birga, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, salomatligimizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shundan kelib chiqib, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 2 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi.
Ushbu xayrli tashabbus doirasidagi ishlar Andijon viloyatida ham yuqori ko‘tarinkilik bilan olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor oyida viloyatda 9,7 million tupdan ortiq manzarali va mevali daraxtlar, shuningdek, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekilgan bo‘lsa, kuz mavsumida 5 million 800 ming tupga yaqin mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda viloyatning barcha tuman va shaharlarida, mehnat jamoalarida, mahallalarda ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Andijon davlat universiteti jamoasi hamda talabalari ham ushbu loyihada faol ishtirok etmoqda. Birgina kuz mavsumining o‘zida universitet hududiga 5 mingdan ziyod mevali, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, universitet qoshidagi akademik litsey, texnikumlarda ham hasharlar tashkil etilib, daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Ko‘chat, gul ekishdek xayrli ishlar yurtni obod qilish bilan birga, insonlar o‘rtasidagi birdamlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Shu bois ham ushbu jarayon yana davom ettiriladi va bu ishga universitetimiz jamoasi ham munosib hissa qo‘shadi.
Akramjon YULDASHEV,
Andijon davlat universiteti rektori