Yuridik xizmat ko‘rsatish yanada kengaymoqda
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori adliya tizimida ham ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqildi. Shuningdek, yuridik xizmat sohasi takomillashtirildi.
Namanganda Respublika Adliya vazirligi xodimlari tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘zgarish va yangilanishlarni joyiga chiqqan holda tushuntirish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan amaliy harakatlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Xususan, dastlab Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida sinov tariqasida jami 23 ta davlat organi va tashkilotining hududiy bo‘linmalariga yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi markazlar faoliyati Adliya vazirligi tizimida yo‘lga qo‘yilib, o‘z ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, sohaga tajribali kadrlarning jalb qilinishidagi kamchiliklar hujjatlar loyihalarining iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada qabul qilinayotgan qarorlar va boshqa hujjatlar aksariyat hollarda joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Yuridik xizmat ko‘rsatuvchi davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratildi, ish yurituvi to‘liq raqamlashtirilib, qog‘ozbozlikka barham berildi.
Adliya vazirligining ishchi guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ul xodimlar, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tashkillashtirilgan uchrashuvlarda ayni shu xususda so‘z yuritildi.
– Muloqotlar davomida eksperiment tartibida bitta maktab hamda bitta bog‘cha tanlab olinib, “E-huquqshunos” elektron tizimi bilan ishlash amaliyoti o‘rgatildi, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Ismatullayev. – Namangan shahrida davom etgan seminarda Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar kelgusida huquqiy nizolar kelib chiqishining oldini olish, shuningdek, tashkilot va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgani haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, shuningdek “E-huquqshunos” dasturining asosiy jihatlarini aks ettirgan maxsus bukletlar tarqatildi. Qolaversa, dasturning ishlash tartibi haqida tushuntirishlar berildi. Tinglovchilarni qiziqtirgan savollariga mas’ul xodimlar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA