Yuridik ta’lim keng isloh qilinmoqda
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Bu yil mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga 30 yil to‘ladi. Davlatimiz rahbari 2020 yil 17 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ayni paytda unga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Toshkent davlat yuridik universitetini tom ma’noda mustaqilligimiz mevasi, huquqshunoslarimiz orzu-maqsadlarining ushalishi, deyish mumkin. Uning mustaqil ta’lim muassasasi maqomini olganiga bu yil 30 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021 yil 2 fevraldagi buyrug‘iga asosan universitetning 30 yilligi keng bayram qilinadi.
Mamlakatimizda yuridik ta’lim sohasi ham keng isloh qilinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida TDYUU va boshqa yuridik fakultetlarni xalqaro tan olingan ta’lim muassasalari reytingiga kiritish, milliy yuridik ta’lim raqobatbardoshligini oshirish vazifasi qo‘yilgan edi.
Yaqinda universitetning Buyuk Britaniyadagi oliy ta’lim sohasiga oid muhim masalalarni yorituvchi va universitetlar faoliyatini baholab boruvchi nufuzli “Times Higher Education” tashkiloti o‘zining navbatdagi “THE Impact Ranking” reytingi natijalarini e’lon qildi. Uning o‘rganish va xulosalariga asosan dunyoning 94 ta mintaqa va davlatidan qatnashgan minglab oliy ta’lim muassasalari orasida Toshkent davlat yuridik universiteti 401-o‘rinni egallagani yubileyga munosib tuhfa bo‘ldi. Universitet mazkur reytingda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari orasida eng yuqori natijani qayd etgani barchamizni quvontirdi.
27 yildan buyon shu universitetda faoliyat yuritaman. Ana shu yillar davomida unda amalga oshirilgan ishlar ko‘z o‘ngimdan o‘tmoqda. 2013 yil 28 iyulda “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga asosan Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universiteti etib qayta tashkil etildi.
So‘nggi to‘rt yilda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, ayniqsa, huquqshunos kadrlar tayyorlash sifatini takomillashtirish, yuridik ta’lim tizimiga rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi pandemiya sharoitida mamlakatimizda “Elektron ta’lim” milliy tizimini shakllantirish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Xususan, universitetda o‘quv-pedagogik jarayoniga xorijiy ilg‘or innovatsion ta’lim standartlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va professor-o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, o‘qitishning kredit-modul tizimi va talabalar bilimini baholash usullarini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari talabalari, o‘qituvchilari va ilm ahli vakillarining mustaqil tadqiqotchilari bilimlarini jahon ta’lim resurslari asosida kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Hozir mamlakatimizda har bir sohani barqaror rivojlantirish, raqobatni keskin oshirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, uni amalga oshirishda fuqarolarimizdan chuqur bilim, huquqiy madaniyat talab etiladi. Shu bois zamonaviy bilim va mukammal malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash uchun milliy ta’lim tizimida keng ko‘lamli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda universitetimiz professor-o‘qituvchilari masofadan turib onlayn va offlayn tarzda videodars, audiodars, elektron kitob va o‘quv materiallari asosida ta’lim bermoqda. Ta’lim sohasini raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Pandemiya sharoitida masofadan va onlayn o‘qitish va offlayn tartibi o‘zini oqlamoqda. Professor-o‘qituvchilarimizning masofadan va offlayn o‘qitish jarayoni oliy ta’lim muassasasi saytiga muntazam joylashtirilib, nazorat qilib boriladi.
Yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari turkumini tayyorlashda xorijiy ta’lim muassasalarining yetakchi olim va mutaxassislari jalb etilmoqda. Universitet ta’lim platformasi orqali olib borilayotgan o‘quv jarayoni onlayn darslar uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda va ta’lim sifatini oshirmoqda. Ushbu platformada ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulot va seminarlar uchun forum tashkil qilishda BigBlueButton imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Universitetda tashkil qilingan kredit-modul tizimining asosi kriteriysi bo‘lgan talabalarni mustaqil ta’lim olishi uchun barcha manbalar platformaga joylashtirilgan. Mustaqil ta’lim jarayonida o‘zlashtirilgan bilimlarni platforma orqali avtomatik ravishda baholash imkoniyati mavjud. Platformaga joylashtirilgan BigBlueButton tizimi orqali darsda qatnasha olmagan yoki darsni o‘zlashtira olmagan talaba professor-o‘qituvchilar ma’ruzalarini qayta ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Forum vositasida onlayn muloqat qilish barcha muammolarni birgalikda hal etishga imkon beradi.
Shuningdek, jahonning nufuzli ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan elektron darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, maxsus interfaol dasturlar, videomateriallardan ta’lim olish jarayonida masofadan turib foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ta’lim olishda hududiy va vaqt to‘siqlarini bartaraf etish, davlat byudjeti mablag‘larini tejash maqsadida xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilarini masofaviy ta’lim jarayoniga keng jalb etish yo‘lga qo‘yildi. Universitetda yaratilayotgan bunday yangilik, sharoit va imkoniyatlar Prezident farmoni samarasi hamda natijasidir.
Bu yil ham mamlakatimiz mustaqilligi, ham Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yilligini nishonlash biz, huquqshunoslarga, ayniqsa, yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Gulchehra TO‘LAGANOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori
O‘zA