Yuqori yo‘qotishlar sabab 44 ta tuman energetika mas’uli ishdan olindi
Joriy yil 24-aprel kuni davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligini oshirish va elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni keskin kamaytirish masalalari asosiy kun tartibida ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori saqlanib qolayotgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalari faoliyati keskin tanqid qilinib, mas’ul rahbarlar zimmasiga qat’iy vazifalar yuklatilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov rahbarligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.

Tizim mutasaddilari va mutaxassislar qatnashgan tadbirda sohadagi mavjud muammolar, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, energiya resurslaridan samarali foydalanish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish va aholini uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar tanqidiy tahlil etildi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida respublika bo‘yicha 106 ming 140 ta transformator punktining texnik holati tekshirilgan. Shundan 25 ming 668 tasi ta’mirtalab ekani aniqlangan bo‘lib, hozirda ularda ta’mirlash va tiklash ishlari olib borilmoqda.

Muloqot davomida yuqori yuklama tushayotgan elektr tarmoqlarida simlarni almashtirish, eskirgan infratuzilmani yangilash va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish, shuningdek, noqonuniy ulanishlarning oldini olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda energiya yo‘qotishlarini kamaytirishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga ushbu loyihalarni tezkor amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Gaz ta’minoti tizimidagi holat ham tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun “Hududgaz Xorazm” filiali rahbariga nisbatan lavozimidan ozod etish chorasi qo‘llanishi bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, yoz va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish, gaz quyish shoxobchalarini yagona tizimga ulash hamda aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Vazirlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilish yakunida elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida 44 ta tuman va shahar elektr tarmoqlari rahbarlari lavozimidan ozod etildi. Jumladan, Andijon viloyatida 14 ta, Jizzaxda 7 ta, Samarqandda 10 ta, Qashqadaryoda 4 ta, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida esa 2 tadan rahbar ishdan olindi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA