Yuqori texnologik tibbiyot va ilmiy salohiyat
Samarqand shahri zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishidagi ilg‘or tashabbuslar markaziga aylanib bormoqda.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Samarqanddagi «Meros International Hospital» ko‘p tarmoqli klinikasida bo‘lib, bu yerda tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tibbiyot muassasasida yaratilgan sharoitlar, bemorlarga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik xizmatlar hamda eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy uskunalarning imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. Agentlik rahbari muassasaning moddiy-texnik bazasi va zamonaviy boshqaruv tizimini yuqori baholadi.
Xususan, jarayonda klinika huzurida yangidan tashkil etilgan bioekvivalentlik laboratoriyasi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur ilmiy-tadqiqot va sinov markazi dori vositalarining terapevtik samaradorligi va xavfsizligini baholashda muhim o‘rin tutadi. Qayd etilganidek, bu kabi laboratoriyalarning faoliyat yuritishi yangi farmatsevtika mahsulotlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish hamda dori vositalarining xalqaro standartlarga to‘liq mosligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Muloqot chog‘ida hududlarda bunday yuqori texnologik infratuzilmani rivojlantirish milliy farmatsevtika tarmog‘ining ilmiy-texnologik salohiyatini yanada oshirishi qayd etildi. Shuningdek, mahalliy dori vositalarining sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ularning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli vazifalar muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA