Yunon-rum kurashi Farg‘ona tatamisida
Farg‘ona yana yirik xalqaro sport musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Bugun o‘smirlar o‘rtasidagi IV xalqaro turnir ochildi va endi unda yunon-rum kurashi ustalari o‘zaro bahslashadilar. Uning ochilish marosimi tantanali suratda tashkil etildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov yangi O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalar yaqin yillardan buyon faqat poytaxtda emas, viloyatlarda ham o‘tayotgani bu kabi sport turini yoshlar o‘rtasida kengroq targ‘ib qilish imkonini bermoqda, dedi.
– Xalqaro musobaqada 590 nafar sportchi ishtirok etmoqda, – deydi musobaqa bosh hakami Bobirbek Zaylobiddinov. – O‘smirlar 2011-2013-yillarda tug‘ilganlar va yoshlar 12 ta vazn toifasida bellashmoqda.
Shu bugunoq Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston sport ustalari maydonga chiqib kuch sinasha boshladilar. To‘g‘ri, kimdir mag‘lub bo‘ladi. Ammo u ham yutqazmaydi. Chunki xalqaro musobaqa kuchlilarnigina aniqlab qolmaydi. U sportchi uchun avvalo tajriba maydonidir.

– G‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar kelgusida Prezident olimpiadasi, Osiyo, jahon birinchiligida ishtirok etadilar, – dedi Bobirbek Zaylobiddinov.
Musobaqalar 12-sentabrga qadar davom etadi. Biz uning borishi, g‘oliblar haqida sizga albatta xabar beramiz.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/lyH3bYwJDaY" title="Yunon - rim kurashi Farg’ona tatamisida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video,surat), O‘zA