Yuksak ishonch – sharafli mas’uliyat demak
bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tubdan takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 26 mart kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham ayni shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Xususan, Prezident qarorida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib ta’lim tashkilotlarida ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini yuksaltirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish masalarining belgilanganligi oliy ta’lim muassasalari oldida ham dolzarb vazifalar turganligini anglatadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga oliy ta’lim tizimi va boshqa tuzilmalar kesimida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning monitoringini olib borish, aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tarbiya texnologiyalari, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, ma’naviy tarbiya va ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish, ularning natijalari amaliyotga tatbiq qilinishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklangan. Bu borada OTMlarini ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda markaz bilan samarali hamkorlik olib borish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Muhim hujjatda “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi negizida Markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish belgilangan. Qayd etish joizki, Namangan Davlat universitetida ham ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi tadqiqotlarni muvofiqlashtirib boruvchi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar markazi tashkil etilgan. Ayni paytda 21 nafar tayanch doktorantning tadqiqot ishlari mavzulari ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar sirasiga kiradi.
Shuningdek, qarorda davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qat’i nazar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) lavozimining joriy etilgani OTMlarida bu boradagi ishlar samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat shundaki, qarorda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga bakalavriat bosqichida “Ma’naviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy ma’naviyat” fanlari kiritilishi, magistratura ta’lim bosqichida “PR-menejer” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini belgilangani ma’naviy-ma’rifiy sohada ham kelgusida zamonaviy texnologiyalar asosida targ‘ibot olib boruvchi malakali kadrlar yetishib chiqishiga imkon beradi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tasdiqlagan ushbu muhim hujjat yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarini bu jarayonda faol ishtirokini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi. Bu esa biz ziyolilarga yuksak ishonch bilan birga sharafli mas’uliyat ham yuklaydi.
Narimon Dehqonov,
Namangan Davlat universiteti
yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori.
O‘zA