Yuksak e’tiborning amaliy samarasi
Ayni paytda yurtimizda yigirma ming nafardan ziyod yigit-qiz tennis bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari yoshlari o‘rtasida mazkur sport turiga qiziqish kuchayib bormoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli yurtimizda tennis ham tobora ommalashmoqda.
Bugun Denis Istomin, Farrux Do‘stov, Nigina Abduraimova va Oqgul Omonmurodova kabi mahoratli tennischilarimizga havas qilib, ushbu sport sirlarini o‘rganishga bel bog‘lagan o‘g‘il-qizlar safi ortib bormoqda. Ularning tennis bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda.
Ayni paytda yurtimizda yigirma ming nafardan ziyod yigit-qiz tennis bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari yoshlari o‘rtasida mazkur sport turiga qiziqish kuchayib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 29-apreldagi qarori bilan tashkil etilgan Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi yuqori malakali tennischilar tayyorlash, ularning mahoratini oshirish, tennis bo‘yicha terma jamoamiz safini yosh sportchilar bilan boyitishga munosib hissa qo‘shayotir. Mazkur maktab tarbiyalanuvchilari Sabina Sharipova, Laylo Bahodirova, Temur Ismoilov, Sanjar Fayziyev, Go‘zal Yusupova kabi mahoratli tennischilar xalqaro miqyosdagi musobaqalarda faol qatnashmoqda.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan ushbu sport turini yanada ommalashtirish maqsadida qator nufuzli musobaqalar o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda tennis bo‘yicha yurtimizda yigirmaga yaqin xalqaro musobaqa tashkil etiladi. “Chellenjer", “Fyuchers” va ITF turkumiga kiruvchi turnirlar orasida xotin-qizlar o‘rtasidagi “Toshkent open” hamda erkaklar o‘rtasidagi “ATR – Tashkent chellenger” turnirlarini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur musobaqalar yosh iste’dod sohiblarining mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda, ularning professional tennisda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi nufuzli musobaqalarda toblanib, boy tajriba to‘plagan yurtimizning mohir raketka ustalari bugun xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotir.
2014-yilgi mavsum ham tennischilarimiz uchun omadli keldi. Denis Istomin tennis olamining eng nufuzli turnirlaridan bo‘lgan Avstraliya ochiq chempionati, Parijda o‘tkazilgan “Rolan Garros”, London shahri mezbonlik qilgan Uimbldon turnirlarida munosib ishtirok etdi. D.Istomin shu kabi musobaqalarda jahon tennis reytingining kuchli to‘rtligidan joy olgan serbiyalik Novak Jokovich, shveytsariyalik Rojer Federer va Stanislas Vavrinka, ispaniyalik Rafael Nadal kabi nomdor tennischilar bilan tengma-teng bahs olib borgani mamlakatimiz tennischilarining mahorat bobida hech kimdan kam emasligini ko‘rsatib turibdi.
D.Istomin musobaqalarda nafaqat yakkalik, balki juftlik bahslarda ham yuqori natijalarga erishdi. U Fransiyaning Monpele shahrida o‘tgan “Open Sud de France – 2014” xalqaro turnirida rossiyalik Nikolay Davidenko bilan birgalikda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Yana bir tajribali tennischimiz Farrux Do‘stov Professional tennischilar uyushmasi – ATR musobaqalari taqvimiga kiruvchi an’anaviy “Chellenjer” xalqaro turnirlarida bir necha bor ishtirok etdi. U Samarqand shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirning yakkalik bahslarida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Kanada, AQSh va Slovakiyada o‘tgan “Chellenjer” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirlarda finalgacha yetib bordi.
Temur Ismoilov, Nigina Abduraimova, Oqgul Omonmurodova, Sabina Sharipova, Vlada Yekshibarova kabi sportchilarimiz ham Tailand, Turkiya va Qozog‘istonda o‘tgan “Chellenjer”, “Fyuchers” va “ITF” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etdi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Mahoratli sportchimiz Nigina Abduraimova sportda erishayotgan yutuqlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy islohotlardagi faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan hissasi uchun mustaqilligimizning 23-yilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– Yurtboshimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli xalqaro maydonda g‘alabalarga erishmoqdamiz , – deydi Nigina. – 2014-yil men uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Farg‘onada o‘tgan ITF tasnifidagi turnirda g‘olib chiqdim, “Toshkent open – 2014” musobaqasida yarim finalgacha yetib bordim. Biz sportchilarning kamtarona mehnatlarimizni yuqori baholagan Prezidentimiz va xalqimizning bildirgan ishonchini oqlash uchun kuch-g‘ayratimni ayamayman. Maqsadim joriy yilgi xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishdir.
Nafaqat tennischilarimiz, balki referilarimizni ham dunyo tan olmoqda. Jumladan, o‘tgan yilgi sport mavsumida qator nufuzli turnirlarda hakamlik qilgan xalqaro toifadagi tennis referisi, hamyurtimiz Andrey Kornilov xalqaro tennis tashkilotlari tomonidan ta’sis etilgan “Gold badge referee” (“Oltin nishonli referi”) unvoni bilan taqdirlandi. Mazkur unvon xalqaro tennis uchrashuvlarini yuqori saviyada boshqargan, o‘z salohiyatini namoyon etib, adolat va professional prinsiplar asosida hakamlik qila olgan kam sonli referilarga beriladi. A.Kornilov qit’a miqyosida bunday unvonga erishgan to‘rtinchi, MDH davlatlari miqyosida ikkinchi hakamdir.
Tennischilarimizning bunday yuksak muvaffaqiyatlari mamlakatimizda sportni, jumladan, tennisni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasidir.