Yuk avtomobillarining vazn va hajm me’yorlariga rioya qilinishi nazorat qilinmoqda
Avtomobilning ortiqcha yuklar bilan harakatlanishini cheklash, texnik holatini yaxshilash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq jihatlar doimiy doimiy nazoratda sanaladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida, avtomobil yo‘llarida xorijiy va milliy transport vositalarining vazn hamda hajm parametrlarini nazorat qilish tartiblari belgilangan. Bu xavfsizligini ta’minlash, avtomobil yo‘llarining ta’mirlararo muddatlargacha buzilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Transport nazorati inspeksiyasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi o‘zaro hamkorlikda yuk avtomobillarining vazn va hajm parametrlariga rioya qilinishi yuzasidan reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Tadbirlar davomida yuk transport vositalari elektron tarozilar va maxsus o‘lchov uskunalari yordamida tekshirilib, ularning belgilangan me’yorlarga mosligi qat’iy nazorat qilinmoqda. Me’yor talablari buzilgan holatlarda esa qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Transport nazorati inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri davomida jami 291708 ta yuk avtomobili ko‘chma va statsionar tarozilar orqali nazoratdan o‘tkazildi. Ortiqcha yuk bilan harakatlangan 4712 nafar haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mazkur reyd tadbirlari orqali yo‘l infratuzilmasini saqlash, transport vositalari xavfsiz harakatlanishini ta’minlash hamda qonunbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilinmoqda.
A.RUSTAMOV, O‘zA