Yozyovon viloyatning tibbiyot markaziga aylanmoqda
O‘zbekiston inson qadri yuksak darajaga ko‘tarilgan mamlakat. To‘g‘ri, hali qilinadigan ishlar, masalan, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilishi lozim vazifalar oz emas. Lekin, muhimi shundaki, sohaning dolzarb muammolari ma’lum va ular bosqichma- bosqich hal qilib borilyapti.
Yozyovon tumani Markaziy Farg‘ona cho‘llarining hali ham markazida deyish mumkin. Bir yonda Ulug‘norning qum barxanlari, bir tomonda Mingbuloq cho‘llari o‘rab turadi uni. Aholisi ham endi 110 ming nafarga yetdi. Sanoat korxonalari, iqtisodiyoti o‘ziga yarasha. Sanatsiyalanuvchi toifadan endi chiqib qolishi kutilyapti. Shunday joyda tibbiyot, tibbiy xizmat qay darajada, deb o‘ylaysiz.

Bu yerda bemorda an’anaviy tarzda jarrohlik amaliyoti qilinmayapti. Zamonaviy laporoskopik tibbiyot uskunalarida kompyuter, videokamera yordamida avvallari “og‘ir” deb toifalanuvchi jarrohlik turlari amalga oshirilmoqda.
– Bu apparatning afzalligi, bemor tanasini kesmasdan, balki tirqishdan ichki a’zolarga kirib yuqori murakkablikdagi jarrohlikni amalga oshirish mumkin. Unda biz o‘t-tosh kasalligi, ayollar xastaligi, yo‘l- transport fojeasi natijasida aniqlash murakkab bo‘lgan jarohatlar hamda video kamera yordamida yuqori aniqlikda tashxis qo‘yish amaliyotini o‘tkazib kelyapmiz, – deydi jarroh Azamat Xo‘jarahimov.

Qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon- tomir kasalliklari markazida 50 o‘rinli, odatiy shifoxonada esa 200 o‘rinli davolash bo‘limlari tunu kun aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bugun qorin bo‘shlig‘ida murakkab jarrohlik o‘tkazgan Hamzaali To‘xtasinov o‘zini yaxshi his qilayotgan ekan.
– O‘t qopimda tosh borligi uchun ancha azob tortdim. Vrachga murojaat qilishga cho‘chiganman, chunki qornimni kesib davolaydi deb o‘ylagandim, – deydi bemor. – Keyin bildimki, Yozyovondagi shifoxonada laporoskopiya apparatlari ham mavjud ekan. Qornimni kesmasdan kichik yo‘lak orqali operatsiya qilib o‘t pufagimdagi toshlarni olib tashlashdi. Shunday sharoitni yaratgan davlatimizga katta rahmat.

Markaz Yozyovon, Toshloq, Qo‘shtepa tumanlari, Marg‘ilon shahri hamda Andijon viloyatining qo‘shni Ulug‘nor va Bo‘ston tumanlaridagi og‘ir holatdagi bemorlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Toshkent-Andijon yo‘lining 49 kilometri tuman hududidan o‘tgan bo‘lib, yo‘l- transport xodisalarida shkastlangan bemorlarga birinchi shoshilinch yordam shu yerda ko‘rsatiladi. Ya’ni murakkab jarrohlik operatsiyalari o‘tkaziladi. Tajribali neyroxirurglar zamonaviy rusumdagi kompyuter tomogrofi, UZI, raqamli rentget apparatlari, jamiki tashxis qo‘yish uchun kerakli bo‘lgan asbob-uskuna bilan ta’minlangan.

– Bu majmua qurilishiga byudjetdan 8 milliard so‘m ajratilgan. Uni jihozlashga esa 1,8 million dollar sarflandi. Dunyoning tibbiy texnika rivojlangan mamlakatlaridan noyob jarrohlik uskunalari keltirib o‘rnatildi, – deydi Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Toshmuhammad Sarimsaqov. – Biz markaz qurilishi boshlangan kundanoq malakali shifokorlar bilan ta’minlash masalasiga kirishdik. Byudjet hisobidan magistraturaga o‘qishga yubordik, ustoz-shogird an’anasini joriy qilib tajribali neyroxirurglarni jalb etdik. Hozir mutaxassis masalasida muammomiz yo‘q.

Yozyovondagi markaz va shifoxonada nomi tilga tushgan neyroxirurg, reanimatolog, jarroh, terapevt va ginekologlar bor. Ularning barchasi kasbiy malakasi yuqori shifokorlardir. Shuning uchun ham bu yerga viloyatning boshqa hududlaridan ham bemorlar kelmoqda. Ular esa qabul bo‘limidayoq ahvoliga qarab uch rang bo‘yicha yo‘naltiriladi.

– Qizil chiziq eng og‘ir, reanimatsiyaga joylashtiriladigan kasallarni bo‘limga olib boradi. Sariq chiziq esa o‘rta darajadagi bemorlar kasalliklarini aniqlab, bo‘limlarga yotqizishga yo‘naltiriladi. Yashil hudud esa ambulator hizmat ko‘rsatiladigan bemorlar uchun ajratilgan xonalarga yetaklaydi, – deydi tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon- tomir kasalliklari markazi bo‘lim mudiri Muxtorjon Mirzaqulov.
Ha, Farg‘onaning cho‘lga tutash Yozyovonida tibbiyot, tibbiy xizmat shu darajaga yetibdiki, bu avvalo inson qadri yuksalayotganining in’ikosi emasmi?

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XrFyMPfWh90" title="Yozyovon viloyatning tibbiyot markaziga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari