Yozyovon tabiat yodgorligi yoʻqoladimi?
Yozyovon tabiat yodgorligi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufidadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 7-martda “Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilish bayoni”ning 29-bandida Fargʻona viloyatidagi suv ombori qurilishini joriy yilda yakunlash maqsadida Yozyovon tumanidagi 5 sonli qum karyeridan foydalanish masalasini hal etish yuzasidan Vazirlar mahkamasiga taklif kiritish va Yozyovon oʻrmon boʻlimidan qum olish soʻralgan.
VMning 2020-yil 12-martdagi 03/1-2086 xatiga javoban Oʻrmon davlat xoʻjaligi Fargʻona davlat oʻrmon xoʻjaligining Yozyovon oʻrmon boʻlimidan qum olish soʻralgan hudud noyob, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan, ekologik, ilmiy, madaniy va estetik jihatdan qimmatli tabiat yodgorligi ekanligi qayd etilib, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasidan rozilik olingan taqdirdagina Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi eʼtiroz bildirmasligini maʼlum qilgan. Oʻz navbatida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasiga 27-apreldagi 02-02/3-278 sonli xatida “...suv ombori qurilishini yakunlash muhim davlat va jamiyat ahamiyatiga ega masala ekanligini inobatga olib, “Markaziy-Fargʻona” konining 5-uchastkasida qum zaxirasidan oʻsimlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazmagan xolda foydalanish mumkin” deya tabiat yodgorligi hududidan qum olishga ruxsat bergan. Bu esa tabiat yodgorligiga jiddiy zarar yetkazilib, uning hududida yashovchi noyob hayvonot va oʻsimlik dunyosining qisman yoʻqolishiga olib keladi.
Yozyovon tabiat yodgorligi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufidadir. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunida “davlat tabiat yodgorliklari hududi asralishiga xavf soladigan har qanday faoliyat taqiqlanishi belgilab qoʻyilgan. Oʻrmon Xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bu borada ikkilanmoqda. Qatʼiy turib, noyob Yozyovon tabiat yodgorligi hududini himoya qilmayapti.
Mutaxassis-ekologlarning fikricha, Fargʻona vodiysi qadimiy, oʻziga xos tabiiy hudud boʻlib, uning noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosi mavjud. Fargʻona vodiysida aholi juda zich joylashgan. 1946 ming gektar (vodiyning Oʻzbekiston hududi) yerda 6867,2 nafardan ortiq aholi yashaydi. Har bir kvadrat metrga 352,9 nafar kishi toʻgʻri keladi. Ilgari vodiyda yaxlit qumli hudud bor edi. Hozir u 13 qismga boʻlinib,0,46 kv. km. dan 58.66 kv.km.gacha maydonga ega. Umumiy maydoni esa 175.71 kv.km. Qumli joylarning aksariyati ishlangan yerlarga qoʻshib olinishi natijasida qisqarayotir. Oʻtgan yillarda mazkur hududda hukumat tomonidan baliqchilik rivojlantirish qoʻllab-quvvatlanishi oqibatida qumli hududning aksariyat qismi baliq xoʻjaliklariga berildi. Hozirda dalalar orasida saqlanib qolingan va bir biridan uzilgan qum barxanlari buzilgan populyatsiya aloqalarini oʻzida aks ettiradi. Bundan tashqari dalalarni sugʻorilishi va koʻplab baliq xoʻjaliklarning barpo etilishi ham gidrologik rejimni buzilishiga olib kelib, shoʻrxok maydonlarning paydo boʻlishi va qumliklarning yoʻqolishiga sabab boʻlmoqda. .
“Xavfli hudud”ga 5 ta endemik sudralib yuruvchilar kirgan. Bu Shtrauxa yumoloqboshi (Phrynocephalus strauchi Nikolsky, 1899), Saidaliyev taqir yumaloqboshi (Phrynocephalus helioscopus saidalievi Sattorov, 1981) Fargʻona qum kaltakesagi (Eremias scripta pherganensis Szczerbak et Washetko, 1973), zirhli gekkon (Alsophylax loricatus Strauch, 1887) va Rustamovning ssinksimon gekkonidir (Teratoscincus rustamowii Szczerbak, 1979) . Ushbu kaltakesak turlari dunyoning boshqa biror joyida uchramaydi. Bundan tashqari bu yerda noyob hasharotlar, kulrang echkiemar, ilonlarning bir nechta turlari mavjud. Qolaversa, Fargʻona vodiysida Yozyovon tabiiy yodgorligidan tashqari birorta oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza etadigan qoʻriqxona yoki uning muqobili yoʻq.
Agarda Fargʻona suv ombori qurilishiga Yozyovondan qum olina boshlansa, Fargʻona vodiysidagi kichik, ammo bebaho, kamyob oʻsimlik va hayvonlarning tulari mavjud tabiat yodgorligidan ayrilamiz. Keyin afsuslanmaslik uchun, hozirdan har qanday tabiat yodgorligini yoʻq qilishga qaratilgan harakatga qatʼiy “Yoʻq!” deb javob berish kerakdir?!
Nargis Qosimova