Yozgi ta’til quvonchli xotiralarga boy bo‘ldi
Bir necha kundan so‘ng o‘quvchilarning yozgi ta’tili yakunlanib, ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi. Ta’tilni, albatta, har bir bola o‘z intilish va qiziqishlari, oilaviy sharoitidan kelib chiqib o‘tkazdi. Kimlardir oromgohlarda dam olgan bo‘lsa, boshqalar yozni oila davrasida o‘tkazdi yoki sayohatlarga chiqdi. Ko‘plab yoshlar ta’til davrida ham sport, madaniyat va san’at to‘garaklarida qatnashdi.
Samarqand viloyatida yozgi ta’til davrida 22 ming nafarga yaqin bola oromgohlarda dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Samarqand viloyatida joriy yilgi sog‘lomlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, statsionar va kunduzgi oromgohlar faoliyati samarali tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Mavsum davomida 14 ta statsionar oromgohda 8938 nafar, 57 ta kunduzgi oromgohda esa 12908 nafar bola dam oldi va bu borada oldimizga qo‘yilgan vazifalar bajarildi. Bu yil ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning yaxshi o‘qiydigan farzandlaridan 3378 nafari departament tasarrufidagi oromgohlarda dam oldirildi.

Oromgohlarda bolalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Namunali dastur asosida har bir kun muayyan mavzuga bag‘ishlanib, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, tanlov va festivallar o‘tkazildi. Mavsum davomida 425 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir va uchrashuv, 355 ta sport tadbiri, 148 ta davra suhbati, 48 ta kitobxonlik kechasi hamda 43 ta festival tashkil etildi.

Bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida chet tili, kompyuter savodxonligi, robototexnika, rassomlik, raqs, kulolchilik, tikuvchilik va boshqa yo‘nalishlarda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ko‘chma kutubxonalar tashkil etilib, har bir oromgoh 400–500 tagacha badiiy adabiyot namunalari, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi.

Mavsum davomida bolalarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida oromgohlarga 56 nafar shifokor va 56 nafar hamshira biriktirildi. Jamoat tartibi, yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va qo‘riqlash tizimlarining mas’ul xodimlari navbatchiligi tashkil etildi.

Aytish mumkinki, bolalar uchun yozgi ta’til shunchaki dam olish emas, balki yangi do‘stlar orttirish, o‘z qobiliyatlarini namoyon etish, sport va ijod bilan shug‘ullanish, dunyoqarashini boyitish uchun ham muhim palla bo‘ldi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri