Yoz – 2022: bolajonlarning vaqti chog‘ o‘tmoqda
Barcha fasl o‘z husni tarovati, bir-birini takrorlamasligi bilan go‘zaldir.
Bolalikning sehrli olamida yashayotgan, hayot tashvishlaridan uzoqda, o‘zining mo‘’jizakor dunyosida bolalik gashtini surayotgan samimiy va quvnoq bolajonlar uchun esa yoz faslining gashti o‘zgacha.
Qashqadaryo viloyatida yozgi ta’til davomida bolalarning yangicha bilim va ko‘nikmalar egallashi, do‘stlar orttirishi, maroqli dam olishini tashkillashtirish maqsadida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan bir qator so‘lim oromgohlar faoliyat yuritmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AK, “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasiga qarashli Shahrisabz shahridagi “Beruniy” bolalar oromgohi shular jumlasidandir. Bu yerda bolalarning miriqib dam olishlari, salomatliklarini mustahkamlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Mavsum oldidan barcha yotoqxonalar ta’mirlandi, – deydi oromgoh direktori Bobur Karimov. – 800 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, hammom, suzish havzasi bolajonlar ixtiyorida. “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasi tomonidan oromgoh yotoqxonalari, to‘garak xonalari yumshoq va qattiq mebellar bilan ta’minlandi.
Oromgoh kutubxonasi yangi badiiy kitoblar bilan boyitildi. Bolalarning salomatligi doimiy nazoratda. Birinchi mavsum davomida oromgohimizda jami 233 nafar bolalar dam olmoqda. Madaniy-ma’rifiy ishlar maxsus reja asosida tashkil etilgan. “Kitob bizning do‘stimiz”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, “Eng faol kitobxon”, “Bu kitobni o‘qidingizmi” savol-javob viktorinasi, “Men yoqtirgan asar qahramoni”, “Zulfiyaxonim qizlari” she’riyat kechasi kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari oromgohda tashkil etilgan “Ingliz tili”, “Tikish-bichish”, “Yosh Behzodlar”, “Kompyuter ko‘nikmalari”, “Biser tikish”, “Yosh ijodkorlar”, “Milliy raqs” to‘garaklari uchun alohida xonalar tashkil etilgan.
[gallery-7614]
– Oromgohda vaqtimiz chog‘ o‘tmoqda, – deydi G‘uzor tumanidan kelgan 13 yoshli Mohlaroy Yuldosheva. – Ko‘plab do‘stlar orttirdim. Ayniqsa menga raqs va musiqa to‘garagi juda yoqadi. Maktabda ham pianino kursiga qatnar edim. Bu yerda ham pianino chalish sirlarini o‘rganyapman. Bundan tashqari, she’riyat jonu dilim. Oromgoh kutubxonasi esa, badiiy adabiyotlarga to‘la.
Oromgohda o‘tkaziladigan kechki umumiy yig‘inda “Eng ahil jamoa”, “Eng toza yotoqxona”, “Eng mas’uliyatli jamoa navbatchisi”, “Eng mas’uliyatli yetakchi”, “Eng chaqqon tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha kun g‘oliblari e’lon qilinadi. Jamoalar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Quvnoqlar va zukkolar”, “Keling, bir kulishaylik!”, “Modalar tanlovi”, “Balli yigitlar”, “Balli qizlar”, “Jajji malikalar”, “Oromgoh shahzodasi”, “Oromgoh Malikasi” tanlovlarida oromgohda dam oluvchi bolalar faol ishtirok etib tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda.
Oromgoh kun tartibiga ko‘ra tashkil etilgan “Sport soati” da bolalar turli sport to‘garaklari: futbol, voleybol, basketbol, shaxmat va shashka, suzish, stol tennisi, yengil atletika kabi to‘garaklarga jalb qilinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda oromgohda bolajonlar miriqib hordiq chiqarmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA.
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.