Yoshu qari tabiat uchun birlashdi
Urganch shahridagi Shovot kanali bo‘yida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi tashabbusi bilan “Tabiat uchun birlashaylik!” shiori ostida ekovelomarafon tashkil etildi.
Unda viloyat sport boshqarmasi, Velosport federatsiyasi, “Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limi faollari, sud tizimi vakillari, maktabgacha va maktab ta’limi sohasi xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyalarini keng targ‘ib etish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishdan iborat.

– Bugungi kunda jismoniy faollik inson salomatligini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi, – deydi Ekologik partiyaning Xorazm viloyat Kengashi raisi Kamolbek Jumaniyozov. – Velosport esa nafaqat organizmni chiniqtiradi, balki yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi va insonda faol hayot tarzini shakllantiradi. Shu ma’noda, mazkur velomarafon ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzining ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Bu tadbirlarni amalga oshirishimizda davlatimiz rahbarining “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bizga dasturilamal bo‘lmoqda.
Ishtirokchilar Urganch shahridan oqib o‘tuvchi Shovot kanali bo‘ylab Yangiobod mahallasi hududidan Jaloliddin Manguberdi majmuasigacha bo‘lgan jami 3,5 kilometrni bosib o‘tdi.

Tabiatni muhofaza qilish, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini kengaytirish va jamoatchilikni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirishga xizmat qilgan “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu velomarafon sog‘lom hayot, musaffo atrof-muhit va jamiyatda hamjihatlikni ta’minlash yo‘lida muhim tashabbus sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

Marafonda yoshlar, nuroniylar hamda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlovchi barcha fuqarolar ishtirok etdi. Tadbir so‘nggida faol ishtirokchilar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(Surat),
O‘zA muxbirlari