Yoshlarning muammolari muttasil hal etilmoqda
2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili
Yoshlar bilan ishlashning yangicha mexanizmlarini joriy etish ularning turli muammolarini o‘z vaqtida hal qilishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori yoshlar manfaatlarini ta’minlashda yangi tashabbuslarni hayotga joriy etayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosi qanday ta’minlanmoqda? O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi mas’ul kotibi Alisher Sa’dullayev bu borada olib borilayotgan ishlar xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Keyingi yillarda Prezidentimizning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, joriy yilning «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilinishi, yil boshidan davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlar bandligi, yoshlarni otaliqqa olish tizimi bo‘yicha 2 ta videoselektor yig‘ilishi, 28 iyun kuni o‘tkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqot – mamlakatimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga oid strategik qadam bo‘ldi hamda yoshlar siyosatidagi muhim vazifalarni belgilab berdi, deyish mumkin.
O‘tgan vaqt mobaynida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgani e’tiborlidir. Joriy yil boshidan yurtimizdagi 9 ming 452 ta mahallada 8,3 million nafar «yoshlar balansi» shakllantirildi.
«Yoshlar balansi» asosida tizimni raqamlashtirish, ijtimoiy yordamlarning manzilli yetib borishini ta’minlash maqsadida elektron platforma ishga tushirildi hamda 25 ta axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi. Natijada, joylardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan real yoshlar ro‘yxatlari shakllantirildi.
«Yoshlar balansi» asosida davlat idoralarining 7 ming 965 nafar rahbariga alohida ishlash talab etiladigan 123 ming nafar yosh nomma-nom biriktirilib, bugungi kunda rahbarlar tomonidan 116 ming yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va 31 ming nafarining turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etildi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 17,5 ming xodimlariga 4 million yoshlar otaliqqa berilib, ular bilan ishlash uchun 1 ming 372 nafar mas’uldan iborat muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etildi va doimiy monitoring qilish bo‘yicha «yoshlar.ijro.uz» yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Otaliqqa olingan yoshlarning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashilib, 271 ming 670 ta ijtimoiy va maishiy muammolarning 85 ming 435 tasi (31,4 foizi) ijobiy hal etildi.
Yangi tajriba asosida vatanparvarlik oromgohlari, «Jasorat» maktablari, harbiy xizmatga jalb etish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar o‘tkazilib, ularga 2,5 milliondan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Ishsiz va norasmiy band bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlashda «Uychi tumani namunasi»dan kelib chiqib, «Yoshlar bandligi dasturlari»dagi 109 ming nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj 89 ming nafar yoshlarga «Yoshlar daftari» orqali 180 mlrd. so‘mlik ijtimoiy-iqtisodiy (kasblar va xorijiy tillarni o‘rganish, ta’lim to‘lov-shartnomasi, harbiy xizmat badali, davolanish xarajatlari, mehnat qurollari va boshqa) yordamlar ko‘rsatildi.
Dehqonchilik qilish istagidagi 155 ming nafar yoshga ajratish uchun 61 ming gektar yer maydonlari auksion savdolariga chiqarildi. Shundan, bugungi kunga qadar 148 ming yoshlarga 52 ming 634 gektar yer maydonlari ajratildi.
Yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali "Ibrat farzandlariʼʼ loyihasi doirasida 1,4 milliondan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tillarni, ʼ’Ustoz AI» loyihasi doirasida 67,8 ming yoshlar 20 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda.
Yoshlarga xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan 32 ming nafar yoshga 57,5 milliard so‘m (shundan, joriy yilda 8,8 ming yoshlarga 17,2 milliard so‘m) imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.Kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida «Mutolaa» loyihasi orqali 573 ming nafar yosh qamrab olinib, loyiha doirasida 1 ming 175 ta audio va 1 ming 359 ta elektron kitoblar yaratildi. Bugungi kunda «Mutolaa» loyihasi orqali 1 mln. 310 mingta kitob o‘qilmoqda.
Shuningdek, bolalar uchun animatsion, qisqa metrajli multfilmlar tayyorlashga qaratilgan «Bek va Lola» loyihasiga start berildi. Loyiha doirasida ishlab chiqilgan 2 ta video internet tarmog‘ida ommalashib, 10 minglab, yoshlar tomosha qildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida «Besh tashabbus olimpiadasi»ni yil davomida o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, hozirga qadar 6,2 million yoshlar qamrab olindi.
Yoshlar o‘rtasida futbolni ommalashtirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalarida minglab sportsevar yoshlar katta qiziqish bilan faol qatnashdi.
Har yili iyun oyida «Yoshlar oyligi»ni nishonlash yoshlar o‘rtasida an’anaga aylandi hamda joriy yilda o‘tkazilgan tadbirlarda 7 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Shuningdek, «Yoshlar kuni» arafasida O‘zbekistonda birinchi marotaba 92 ta xorijiy mamlakatlardan 700 dan ortiq xorijiy yosh delegatlar ishtirokida «Butunjahon yoshlar festivali» o‘tkazildi. Shuni ham alohida aytish kerakki, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, olib borilayotgan davlat siyosati festivalning xorijiy ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Shu bilan birga yoz mavsumida mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha «Chilla – iste’dodlar mavsumi!» madaniy tadbirlari orqali hududlarda 89 ta pavilon tashkil etilib, ko‘plab ma’rifiy-musiqiy tadbirlar, ijodiy loyihalar, gala-konsertlar o‘tkazildi. Bunday ezgu ishlar natijasida barcha sohalarda yoshlarning ijtimoiy faolligi oshmoqda.
28 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi hamda bir qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Shu bois, yoshlar bilan ishlash borasida yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tmoqchiman. Jumladan, yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish maqsadida Investitsiya vazirligi huzuridagi jamg‘arma Yoshlar ishlari agentligiga o‘tkazilib, «Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi» tashkil etiladi. Bunda jamg‘arma tomonidan yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihalari tanlab olinib, ularga «biznes paket» qilib beriladi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadigan mexanizm yaratiladi. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, «to‘rtinchi sanoat» kasblariga o‘qitish markazlari ochiladi. Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan yangi yondashuv asosida Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quriladi. Har bir viloyatda bittadan «Kreativ sanoat parklari» tashkil qilinadi. Ushbu parklar oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi.
Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Tuman hokimlari har hafta, viloyat hokimlari va vazirlar har oy kamida bir marta yoshlar bilan uchrashib, muammolariga yechim beradigan mexanizm yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonlar respublika shtabi tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ta’lim muassasalarining sport zallari va kutubxonalari, stadion va basseynlari uzluksiz xizmat qiladigan rejimga o‘tkazilib, mahalla yoshlari tomonidan erkin foydalanishlari uchun sharoit yaratiladi. Bularning bari mamlakatimiz yoshlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish borasidagi amaliy e’tiborning yana bir yorqin namunasidir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.