Yoshlarning kreativ g‘oyalari va innovatsion loyihalari namoyish etildi
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi tashkil etildi.
Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashishga qaratilgan mazkur tadbirda turli yo‘nalishlardagi istiqbolli startap loyihalari taqdim etildi.
Tadbir davomida yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishini rag‘batlantirish hamda ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning respublika bosqichida ishtirokchilar o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etdilar. Tanlov natijalari yoshlarning nafaqat yangi g‘oyalarga, balki jamiyatdagi mavjud muammolarga amaliy yechim taklif etishga ham intilayotganini ko‘rsatdi.

Tanlovning birinchi o‘rni Shumanay tumanidan Xudaybergen Karimbergenovning “Aqlli aptechka” startap loyihasiga nasib etdi. Mazkur ishlanma, avvalo, keksa yoshdagilar, muntazam ravishda dori vositalarini qabul qiladigan bemorlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha dori qabul qilish vaqtini eslatish, salomatlik holatini kuzatish va zarur hollarda tez tibbiy yordam xizmatiga xabar berish kabi imkoniyatlarni birlashtiradi. Shuningdek, qurilmadan avtomobil uchun xavfsizlik majmuasi va birinchi yordam vositasi sifatida foydalanish g‘oyasi ham ilgari surilgan. Bu orqali zamonaviy texnologiyalarni inson salomatligi va xavfsizligiga xizmat qildirish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi o‘rin Nukus shahridagi 18 yoshli tadbirkor, 11-sinf o‘quvchisi Torebek Maksetovning “Shartli” mobil dasturiga berildi. U “Shartli UZ” kompaniyasi asoschisi sifatida qarz, nasiya va ijara munosabatlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihani ishlab chiqqan. Dastur jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida elektron shartnomalar tuzish, shaxsni MyID orqali tasdiqlash, to‘lov muddatlarini nazorat qilish va SMS hamda push-xabarnomalar orqali ogohlantirish imkoniyatlarini qamrab oladi.

Kichik biznesda o‘zaro hisob-kitoblarning og‘zaki kelishuvlar asosida amalga oshirilishi, qarzlarning hujjatlashtirilmasligi tadbirkorlar uchun moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin. “Shartli” loyihasi ana shu muammolarni kamaytirish, kelishuvlarni rasmiylashtirish va to‘lovlarni boshqarishni soddalashtirishga qaratilgan. Dasturda qarz va to‘lovlarni yagona panel orqali boshqarish, to‘lov muddati kelganda eslatmalar yuborish kabi funksiyalar ham nazarda tutilgan.
Loyiha muallifi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 40 ming AQSH dollari, shuningdek, Angliyalik investorlardan 20 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan. Kompaniya qiymati 200 ming AQSH dollariga baholanayotgani ham qayd etildi. Hali maktabda tahsil olayotgan yoshning o‘z startapini rivojlantirib, investitsiya jalb etishga erishayotgani yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Tanlovning uchinchi o‘rnini Taxiatosh tumanidan Araztaj Atajanovaning “EcoDrop Anti-Termite” startap loyihasi egalladi. Qizilmiya ildizi asosida termitlarga qarshi biologik yem-xo‘rak tayyorlashga qaratilgan ushbu ishlanma uy-joylar va tarixiy obidalarni termitlar yetkazadigan zarardan himoya qilish muammosiga yechim taklif etadi.

Loyiha doirasida qizilmiya ildizidan faol moddalarni ajratib olish, ularni sellyuloza asosi bilan aralashtirish va termitlar uchun maxsus yem-xo‘rak tayyorlash ko‘zda tutilgan. Muallifning tushuntirishicha, maxsus qutichalarga joylashtiriladigan vosita termitlarning uyasiga tarqalib, ularning butun koloniyasiga ta’sir ko‘rsatishi kerak. Loyihaning dastlabki tajribaci Nukus shahridagi ayrim xonadonlarda o‘tkazilib, ijobiy natija qayd etilgani ma’lum qilindi. Ushbu ishlanmaning keng qo‘llanilishi uchun uning samaradorligi va xavfsizligini ilmiy jihatdan baholash muhim ahamiyatga ega.
Forum doirasida hunarmand yoshlar va startap loyihalari mualliflarining ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilarning ijodiy ishlari, hunarmandchilik mahsulotlari va istiqbolli ishlanmalari namoyish qilindi. Shuningdek, biznes-marafon tashkil etilib, Lobar Yuldasheva, Gulayim Allambergenova va Xursand Azilov yoshlar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar hamda mahorat darslari o‘tkazdilar.
Tadbirda yoshlarning raqamli texnologiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” tashabbusi doirasida seminarlar tashkil etildi. Sun’iy intellekt, veb-dasturlash, kiberxavfsizlik va mobil ilovalar yaratish bo‘yicha amaliy bilimlarni rivojlantirish yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yoshlar tadbirkorligi, kreativ iqtisodiyot va innovatsiya sohalaridagi yutuqlarga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
“Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi yoshlarning g‘oyalarini namoyish etish bilan birga, ularni amaliy natijaga aylantirish uchun tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. O‘zLiDePning bu yo‘nalishdagi tashabbuslari yoshlarning tadbirkorlik faolligini oshirish, innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va hudud iqtisodiyotida ularning ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri