Yoshlarni kitobxonlikka o‘rgataylik!
-------------------------------------
O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hechkim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
Shavkat Mirziyoyev
Aziz yoshlar, o‘tayotgan umrimizning har bir kuni turli xil sinov, bazan esa tashvishli va shuningdek gohida mazmunli, insonni yashashga, orzu va shu bilan bir qatorda havas qilishga undagan holda kechadi.
Bazan qo‘limizga turli mavzu va mazmundagi badiiy kitob olib, o‘zimizning ma’nan boyligimiz, dunyoqarashimizni kengaytirish, bu hayot sinovlariyu tashvishlarini biroz unutish maqsadida undan ovunamiz. Asardagi ijobiy qahramonlardan o‘zimizga keraklicha o‘rnak olib, ezgu maqsadlar sari yuksak marralarga intilamiz. Salbiy obrazlardan esa ular kabi noto‘g‘ri va yengil yo‘lni tanlamaslik, boshqalarga yomonlikni ravo ko‘rmaslik uchun kitobdan o‘zimizga tarbiya olamiz. Zero, aytilganidek gohida “Tarbiyani – tarbiyasizdan o‘rgan”.
Shu o‘rinda, kimdir o‘qimoqchi bo‘lgan roman yoki qissadagi voqelik tezda tugab qolmasligi maqsadida 400 yoki 500 betli kitob tanlasa, yana kimdir esa kamvarog‘li, biroq chuqur ma’no va mazmunga ega voqeilikni tanlaydi. Sababi esa oddiy, chunki bazida hatto o‘sha ikki og‘izli so‘z ham insonni o‘yga, chuqur mushohadaga tortadi. Sizga ilinmoqchi bo‘lgan hikoyalar ham bunga misol bo‘la oladi. Qisqa ammo purmano ushbu asarlar jahon adabiyoti durdonalarida o‘zining munosib o‘rniga ega sanalib, hali-hanuz qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.
Ernest Xeminguey o‘z ijodkor do‘stlari va muxlislari bilan har qanday insonni ta’sirlantira oladigan, shuningdek, atigi olti so‘zdan iborat hikoya yoza olishi mumkinligi haqida bahs boylagan. Unga g‘alaba olib kelgan hikoya: “For sale: baby shoes, never used…” (Bolalar poyabzali sotiladi, kiyilmagan...). Bu hikoyaning mazmuni shundan iboratki, bir necha yillar davomida farzand talab oila axiri hayotlarida ijobiy yangilik bo‘lganida baxtdan quvonib, faqirona hayot kechirishsada bor pullariga hali dunyoga kelmagan chaqaloq uchun oyoq kiyim sotib olishadi. Biroq, chaqaloq tug‘ilibon vafot etadi...
Bu kabi qisqa biroq, inson ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatadigan, kishini o‘ylantiradigan hikoyalar juda ko‘p. Quyida ulardan yana bir nechtasini misol tariqasida keltiramiz.
An’anaviy hikoyachilikning tugun, kulminatsiya va yechim kabi tarkiblardan iborat bo‘lgan eng qisqa hikoyalar tanlovida O.Genri g‘olib bo‘lgan:
“Chekib olgan haydovchi qancha yoqilg‘i qolganini ko‘rish uchun benzobak tomon egildi. Marhumning yoshi yigirma uchda edi”.
Frederik Braun eng qisqa, biroq qo‘rqinchli falsafiy hikoyani yozgan: “Yerdagi oxirgi odam xonada o‘tirardi. Birdaniga eshik taqillab qoldi...”
Robert Tompkins. “Haqiqatni qidirib”: Nihoyat, bu xilvat, ovloq qishloqda uning qidiruvlari yakunlandi. Chirib, to‘kilay deb qolgan xarob kulbada miltillab turgan olov yonida Haqiqat o‘tirardi. U umrida hech qachon bundayin qari va badbashara ayolni ko‘rmagan edi. – Siz Haqiqatmisiz? Qartaygan, burushiq alvasti tantanavor bosh silkidi.
– Aytingchi, men insoniyatga siz haqingizda bildirishim kerakmi? Ularga qanday xabarni yetkazay? Kampir olovga tupurdida, javob berdi: –Ularga meni yosh va sohibjamol ekan, deb ayt!
Alan Y. Mayer “Omadsizlik” (hikoya): Tanamdagi shiddatli og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochishim bilan karavotim oldida turgan hamshirani ko‘rdim.
– Mister Fudjima, – dedi u, – omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirasimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Hozir siz gospitaldasiz, ortiq xavf ostida emassiz.
Madorsizlikdan bazo‘r so‘radim:
– Qayerdaman.
– Nagasakida, – javob berdi u.
Afrikalik bolakay tomonidan yozilgan quyidagi ushbu hikoya “2005 yilning eng yaxshi hikoyasi” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lgan:
“Tug‘ilganimda, men qora edim. Qora bo‘lib ulg‘aydim. Men quyoshda uzoq tursam yana qorayaman. Hattoki o‘lganimda ham qoraligimcha qolaman. Siz, oqlar esa: tug‘ilganingizda – qizg‘ish bo‘lasiz. Ulg‘ayganingizda – oqarasiz. Oftobda toblanganingizda – qizarasiz. Sovqotganingizda – ko‘karasiz. Qo‘rqqaningizda – sarg‘ayasiz. O‘zingizni yomon his qilganingizda –yashil tusga kirasiz. O‘lganingizda esa bo‘zarasiz, va siz meni rangli (qora tanli) deysiz”.
Yuqoridagi hikoyalar shunchaki inson kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan badiiy asarlardan bir namuna hisoblanadi. Qadrli va kelajagi porloq yoshlar, bo‘sh vaqtingizni badiiy va ilmiy kitoblar bilan do‘st tutinishga sarflang. Zero, aynan kitob ma’nan boylik hisoblanadi. Faqat va faqat kitobgina dunyoqarashingizni o‘zgartira oladigan, ilm bilan ta’minlaydigan kuchga ega.
Dildora Noraliyeva,
Farg‘ona imkoniyatlari cheklangan
shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar
maktabi o‘qituvchisi
O‘zA