Yoshlarga xorijda ta’lim olish imkoniyatlari tushuntirildi
Qarshi davlat texnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ullari ishtirokida talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ul xodimi Sherzod Sharipov va jamg‘arma vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali rahbari Bekzod Jo‘rayev, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Ibrat Ismoilov ishtirok etdi.

Muloqotda yoshlarga jamg‘armaning faoliyat yo‘nalishlari, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari, stipendiya tanlovlari hamda mutaxassislar uchun xorijda stajirovka o‘tash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayniqsa, xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar uchun mavjud dasturlar, ularda ishtirok etish shartlari va zarur talablar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalarga ega bo‘ldi. Tadbirda viloyatning tuman va shaharlaridan Zoom platformasi orqali 200 nafardan yosh ishtirok etdi.

Shu kabi uchrashuv Qarshi shahridagi Prezident maktabida ham tashkil etildi.
Bu yerda ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari tomonidan xorijiy davlatlarda ta’lim olish, stipendiya dasturlarida ishtirok etish va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida 20 dan ortiq davlatda 800 nafarga yaqin stipendiat tahsil olmoqda.

Bunday uchrashuvlar yoshlarni xorijda ta’lim olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, ularni xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishga yo‘naltirish va kelgusi ta’lim hamda kasbiy faoliyati uchun aniq maqsadlar belgilashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri