Yoshlarga tikuv mashinalari va motokultivatorlar berildi
Mamlakatimizda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, xususan, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon viloyati Baliqchi tumanida ham mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida tumandagi 14-30 yoshli, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 7 ming 327 nafar yigit-qiz turli yo‘nalishlarda davlatimiz tomonidan ajratilgan yordamlarni qabul qilib oldi.
Tumanda “Uychi tajribasi” asosida mahalla yoshlar yetakchilari tomonidan 10 ming nafardan ortiq yosh xatlovdan o‘tkazilib, ishsiz, ko‘makka muhtoj yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi. Xatlov jarayonida yoshlarning 146 nafari ko‘makka muhtoj ekanligi aniqlanib, ularning 27 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi hamda motokultivator berildi.
[gallery-20383]
Tuman sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov mamlakatimizda, xususan, Baliqchi tumanida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
– Mahallamizning yoshlar yetakchisi ko‘magida menga zamonaviy tikuv mashinasi berildi, – deydi tumandagi Serquyosh mahallasida yashovchi Durdona Rasulova. – Endi o‘z xonadonimda tikuvchilik bilan shug‘ullanib, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim. Ko‘rsatilgan e’tibor uchun avvalo, Prezidentimizga, mana shu ishga o‘z hissasini qo‘shgan barcha mutasaddilarga rahmat aytaman.
Tumanda ishsiz va ko‘makka muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi ishlar davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.