Yoshlarga oid siyosatda parlamentning ishtiroki
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar, ushbu jarayonda parlamentning o‘rni va roli hamda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, zarur sharoitlarni yaratish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjati qabul qilinib, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi.
O‘tgan davrda Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunchilik jarayoniga jalb etishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Shu bilan birga, ushbu institut yoshlar va davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi mohiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Muloqotda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik va innovatsion faollikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi urg‘ulandi.
Prezidentimiz bildirgan takliflarni hayotga samarali tatbiq etishda parlament a’zolari ham faollik ko‘rsatishlari lozimligi aytildi.
Bugungi kunda Qonunchilik palatasida yoshlar masalalariga mas’ul qo‘mita, shuningdek, Yoshlar parlamenti va Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Ushbu tuzilmalar yoshlarning tashabbuslarini normativ-huquqiy asosga ega qarorlarga aylantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda uchrashuvdan kelib chiqib, palatada yoshlar bilan muloqotni yanada ko‘paytirish, parlament nazorati tadbirlarida yoshlar manfaatlari ustuvorligidan kelib chiqib yondashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
[gallery-27915]
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda parlament va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, Yoshlar parlamenti imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
M.Komilova,
A.Alijonov (surat), O‘zA