Yoshlarga g‘urur va shijoat bag‘ishladi
Munosabat
Kuni kecha Prezidentimizning mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tgan muloqotida dolzarb mavzular va vazifalar xususida so‘z bordi. Videomuloqot tarzidagi uchrashuvdan yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish borasida o‘zimizga ko‘p tavsiyalar oldik.
Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar Toshkent viloyati yoshlarini ham ruhlantirdi. Prezident yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan tarixiy hujjat imzolanganligini e’lon qildi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Ikkinchi hujjat bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi. Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi. Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi. Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi va 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi.
Aslida bu sa’y-harakatlardan katta natijalar kutilgan. Yoshlarimiz, Prezident siyosati hamda davlatning kuch-qudratini his qilmoqda. Bu yoshlar mutlaqo boshqa dunyo, axborot asrining farzandi. Ularning taklif va tashabbuslari ham tezkor asrimizga hamohang.
Asosiysi, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi, ularning barchasi muhtasham kelajak poydevoriga bir g‘isht qo‘yishni orzu qiladi. Shu tufayli bu galgi muloqotda esa orzu-umidi bir nihol kabi bo‘y ko‘rsatayotgan o‘g‘il-qizlarning taqdiri Prezidentimizning e’tiborida ekani yoshlar qalbiga g‘urur va shijoat bag‘ishlaydi.
Nodir Hojiyev,
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA