Yoshlarga davlat mukofotlari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29-iyundagi farmoni va qaroriga muvofiq, o‘z bilimi, iste’dodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali va“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.


Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlarining har birida katta salohiyat, iste’dod va iqtidor borligini qayd etdi.
– Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!


Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak! – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng Prezidentimiz yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.


– Butun xalqimiz nomidan bugungi davlat mukofotlari sohiblarini yana bir bor tabriklayman. Mazkur yuksak e’tirof sizlarni yangi marralar sari yetaklasin! Safingiz yanada kengayaversin! – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mukofotlangan yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o‘z bilimi, mehnati va tashabbuslari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.











