Yoshlar yot g‘oyalar ta’siriga tushmoqda...
Andijon davlat universitetida “Yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan ogoh etaylik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
bugungi o‘ta rivojlangan globallashuv va axborot almashinuvi davrida diniy-ekstremistik g‘oyalarni tarqatish orqali boylik orttirishni, turli siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ayrim toifalar tomonidan internet tarmog‘ida odam savdosi, giyohvandlik, terrorizm va diniy ekstremizmni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchi g‘oyalar keng tarqatilayotganligi nafaqat yurtimiz jamoatchiligi, balki jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda.
Ana shunday murakkab bir davrda yurtimiz yoshlarini diniy ekstremistik hamda turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siridan asrash jamiyatimiz, ziyolilar oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Davlat xavfsizlik xizmati vakillari, Andijon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, tyutorlar, talabalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ana shu xususida so‘z yuritildi.
[gallery-10599]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Jahongir Meliqo‘ziyev, Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi Anvarjon Abdullayev, universitet birinchi prorektori A’zamjon Hamraqulov va boshqalar tomonidan diniy-ekstremistik oqimlar tomonidan tarqatilayotgan g‘oyalarning jamiyatimiz tinchligi va xavfsizligiga soladigan tahdidlarini bartaraf etish, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy vaziyat va ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, dinlar va millatlararo munosabatlarni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, yoshlarga qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlar, ularning jirkanch maqsadlari haqida ma’lumotlar berildi.
– Internet orqali bilim va tafakkurini oshirayotgan yoshlar juda ko‘p, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Zilola Egamberdiyeva. – Ammo oynaning aks tomoni bo‘lgani kabi internetdan noto‘g‘ri foydalanayotgan yoshlarimiz ham yo‘q emas. Buning natijasida ayrim tengdoshlarim turli yot g‘oyalar, "ommaviy madaniyat" ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolmoqda. Milliy ma’naviyatimizga, mentalitetimizga yot g‘oyalarni, shavfqatsizlikni targ‘ib etuvchi, ma’lumotlar bilan ongini zaharlamoqda. Tadbir davomida ana shular haqida hayotiy misollar asosida keng ma’lumot, tushunchalar oldik. Endi bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolayotgan tengdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda yanada faol bo‘lamiz.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash uchun har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlarimiz faol va fidoyi bo‘lishlari, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyotiga ximat qiladigan insonlar bo‘lib kamol topishlari muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan yoshlarning ogohligini oshirish, turli yot g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetini mustahkamlash, mavzu doirasidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda diniy ekstremizm va terrorizmning fojiali oqibatlari tasvirlangan hujjatli film namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA