Yoshlar xalq rassomi bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Jolliboy Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida o‘tkazilgan madaniy tadbirda yoshlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar ustozi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Jenis Lepesov bilan uchrashib, yaqindan muloqot qildi.
Tadbirda mahoratli mo‘yqalam sohibi Jenis Lepesovning hayoti va ijodi, samarali faoliyati haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.
Tasviriy san’at sohasida o‘z o‘rni va ijodiy uslubiga ega tajribali rassom Jenis Lepesov joriy yil o‘zining 80 yillik yubileyini nishonlamoqda. U san’atning rangtasvir yo‘nalishida o‘zining bir qancha asarlari bilan mamlakatimiz, shuningdek chet davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli badiiy ko‘rgazma va biyennalelarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Bundan tashqari, ijodkor bir necha yillar davomida yosh avlodga tasviriy san’at bo‘yicha dars berib, yangi iqtidor egalarini tarbiyalashda samarali mehnat qilgan.
Tadbirda Jenis Lepesov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar, tasviriy san’at sohasidagi yangilanishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi, o‘g‘il va qizlarga foydali maslahatlarini berdi.
[gallery-25732]
Rassom Jenis Lepesov hamda maktab-internatining bir guruh malakali o‘qituvchilariga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoyisi” ko‘krak nishoni va tashakkurnomalar topshirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA