Yoshlar va tadbirkorlar uchrashuvi davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, “Toshkent yoshlarni sevadi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar oyligi doirasidagi so‘nggi haftalik ta’lim va tadbirkorlikka qaratildi.
Mazkur haftalik doirasida Yoshlar markazida “Cambridge International College”, “IDP IELTS” va boshqa qator loyihalar asoschisi Umidjon Ishmuhammedovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Interaktiv tarzda o‘tgan tadbirda spiker bugungi kunda chet tilari, xususan, ingliz tilini bilish qanchalik dolzarb ekanligi, til o‘rganishda asqotadigan amaliy tavsiyalar haqida so‘zladi. Nufuzli ishbilarmon bo‘lish uchun ham bir nechta tilni bilish bu iqtisodiy, moddiy va ma’naviy jihatdan ham zarurligi borasida tavsiyalar berdi.
Shuningdek, haftalik doirasida “Compas Consulting“ asoschisi Ulug‘bek Xojiahmedov, marketolog, Chortoq mineral suv marketing bo‘lim boshlig‘i Habibullo Sa’dullayevning ochiq muloqoti yoshlarning bu sohadagi bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

– Haftalik davomida tadbirkorlar bilan uchrashuvlarning barchasida ishtirok etib kelyapman, – dedi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Gulmira Nusratova.
– Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘layotgan uchrashuvlarda yoshlarning taklif va g‘oyalari tinglanib, ularga tegishli ko‘rsatmalar berilyapti. Ayniqsa, o‘z biznes faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarimiz uchun bu haftalik ayni muddao bo‘ldi. Yoshlar nufuzli tadbirkorlarning ilk boshlagan ishlaridan tortib, bugungi erishgan yutuqlarining qiyinchiliklari va ahamiyati bilan tanishmoqda.

Ma’lumot uchun, “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida yoshlar oyligini o‘tkazishdan maqsad, yigit-qizlarda yurtimizda kechayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, tashabbuskor va iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularning o‘z iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish, yosh avlodning ilm-fan, ijod, madaniyat va san’at, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talaba va bitiruvchilar, uyushmagan yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashishdan iborat.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA